Get Mystery Box with random crypto!

Koreyaga uzoq muddatli sayohat: talabalarga eslatma Yaqin ora | TOPIK with 은혜 선생님

Koreyaga uzoq muddatli sayohat: talabalarga eslatma

Yaqin orada Koreyaga o‘qish uchun jo‘nab ketishi lozim bo‘lgan talabalar (nafaqat talabalar, ishchilar ham) tayyorgarlik bilan band bo‘lsalar kerak. Shu o‘rinda 선배 sifatida ular uchun muhim maslahatlarni aytib o‘tishim lozim, deb o‘yladim~ Demak, quyida sizlar bilan puxta tayyorgarlik haqida gaplashamiz~

Eng birinchi navbatda sog‘lig‘ingizdagi muammolarni bartaraf qiling~ Ayniqsa, tish doktoriga borib tishlaringizni ko‘rikdan o‘tkazing, yaxshilab davolating. Chunki Koreyada tish davolatish juda qimmat, shuningdek, uning xarajatlarini tibbiy sug‘urta qoplamaydi.

Birinchi yordam uchun kerak bo‘ladigan dorilarni ham tayyorlab qo‘ying. Bular shamollashga qarshi, isitma tushiruvchi, og‘riq qoldiruvchi, ovqat hazm qildiruvchi, ich ketishi/qotishiga qarshi va hokazolar bo‘lishi mumkin. Bular nega kerak, Koreyada dori yo‘qmi? Bor, albatta. Faqat dorini sinalgani yaxshi)

O‘zingizga mos tushadigan shampun, kremlar va boshqa shaxsiy gigiena vositalaridan olish ham yodingizdan chiqmasin. Koreyaga kelib to joylashib bu yerdagi vositalarga ko‘nikib ketgunga qadar kerak bo‘ladi. Yana kundalik kerakli gigienik vositalaringiz bo‘lsa birinchi kunlardanoq ko‘p harajat qilishning oldini olgan bo‘lasiz.

Koreyscha uslubda kiyinaman, ko‘p kiyimlar sotib olaman, desangiz u darajada ko‘p kiyim olmang. Bir sidra olsangiz yetadi. O‘zbekistonda olganlaringizni kiygingiz kelmay qolishi mumkin. @Uzbek_EunHee
Biroq, o‘ziga xos tana tuzilishiga ega bo‘lganlar, shuningdek, hijobdagi qizlar o‘zlariga mos kiyimlardan ko‘proq olvolishlari zarar qilmaydi. Bu yerda topish qiyin bo‘lishi mumkin.
Masalan, menga bu yerdagi ko‘ylaklar yoki juda uzun (yer supuradi) yoki juda kaltalik (kiyolmayman) qiladi. Shuning uchun menga mos uzunlikdagisini topish qiyinroq.

Quruq mevalar, pista-bodomlar olvolish ayni muddao. Sovuqligi tez oshib ketadiganlarga asal va novvot olib kelishni tavsiya qilaman. Shuningdek, har ehtimolga qarshi o‘zbekcha Rollton olvolsangiz och qolib ketmaysiz (birinchi kunlari har xil vaziyat bo‘lishi mumkin).

Sizni tinchlantiradigan/yupatadigan/kayfiyatingizni ko‘taradigan/uyni eslatadigan (va hk.) biror buyum olvoling~ Bu sevimli kitobingiz, o‘yinchoq, surat, turli esdalik buyumlar bo‘lishi mumkin. Ular o‘zingizni yolg‘iz his qilganda yoki tushkunlikka tushganda yordam beradi (men nima olib kelganimni bilsangiz kerak).

O‘zingiz bilan ma'lum miqdorda pul olib keling. Hatto grantga kirgan talabalarga ham boshida pul kerak bo‘ladi. Masalan, men GKS talabasi bo‘lsam-da tashkiliy muammolar sababli birinchi stipendiyamni ancha kech olganman (haligacha yaxshiyam o‘shanda yonimda pulim bor ekan, deb o‘ylayman).

Koreyadagilar, siz qanday tayyorgarlik ko‘rgansiz?)) Qolib ketgan tavsiyalar bo‘lsa, izohga yozishingiz mumkin ~~

@Uzbek_EunHee #foydali
_____________________________________
Do’stlaringizga ham ulashing ~