Get Mystery Box with random crypto!

Qadrli talabalar va magistrantlar! O‘zbekiston Respublikasi | " HydroLeaders "💡

Qadrli talabalar va magistrantlar!

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko’ra har yili mamlakatimizda qobiliyatli yoshlarni rag‘batlantirish, ularni faol yaratuvchilik faoliyatiga keng jalb etish, iqtidorli o‘quvchilar, talabalar va magistrantlarni qo‘llab-quvvatlash, hamda munosib taqdirlashga alohida e’tibor berib kelinmoqda.

Har yili davlat oliy ta’lim muassasalarida butun o’qishi davomida faqat a’lo baholarga o’qiyotgan va ilmiy (ijodiy) ishlarda faol ishtirok etayotgan oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistrantura talabalari uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari tayinlanib kelinmoqda.

Shuningdek, a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirogi uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo’nalishlari talabalari Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug’bek, Imom al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyalarini ham qo’lga kiritishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi stipendiyalar tayinlash haqidagi tavsiyanomalarni yiliga bir marta ko‘rib chiqadi. Ko‘rib chiqish muddati - 10 - 25 sentyabr. Stipendiyalar 1 sentyabrdan boshlab, bir yil muddatga, belgilangan miqdorga qat’iy muvofiq holda tayinlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lgan talabalarga beriladigan imtiyozlar:
1. magistraturaga (bakalavr stipendiatlar) grant asosida qabul qilinadilar;
2. tayanch doktoranturaga (magistrant stipendiatlar) grant asosida qabul qilinadilar;
3. «Prezident stipendiyasining sohibi» guvohnomasi beriladi;
4. O‘qishni davom ettirish uchun xorijga yuborilayotgan yoshlar guruhlari tarkibiga kiritiladi.

Bundan tashqari stipendiantlar quyidagi yutuqlarni qo‘lga kiritishlari mumkin:
1. «Yoshlar» uylarini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar;
2. «Mard o‘g‘lon» va «Zulfiya» nomidagi davlat mukofotlarini qo‘lga kiritishlari mumkin;
3. «Shuhrat» va «Kelajak bunyodkori» medalini qo‘lga kiritishlari mumkin;
4. «O‘zbekiston belgisi» va «Innovatsion g‘oyalar yetakchisi» ko‘krak nishonini qo‘lga kiritishlari mumkin;
5. Turli xil xalqaro stipendiyalarni (Erasmus, DAAD va boshqa) yutish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
“Oliy ta’lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko’ra:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi stipendiatlari uchun stipendiya miqdori – 1.811.191 so’m

Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug‘bek va Imom Al-Buxoriy va Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyalari stipendiatlari uchun stipendiya miqdori – 1.207.461 so’m

Ushbu post Publication_uz kanali admini, Prezident va Erasmus + stipendianti Faxriddin Abdikarimov tomonidan tayyorlandi. Keyingi postlarimda tanlovda ishtirok etish, kerakli hujjatlar va nimalarga e’tibor berish haqida batafsil to’xtalaman. Kanal ma'lumotlaridan foydalanilganda kanal manzili ko'rsatilishi shart.

Admin bilan bog’lanish:
Contact: @goodluck_0714
E-mail address: article_01@mail.ru