Get Mystery Box with random crypto!

– Qaysi ko‘ylagimni kiysam ekan, pushti ranglisini yoqtirardil | Hubbuna

– Qaysi ko‘ylagimni kiysam ekan, pushti ranglisini yoqtirardilar.
– Soat taqishimni yaxshi ko‘radi. O‘zi sovg‘a qilgandi.
– Chinorga allergiyalari bor, dori ovosammikin?
– Sohil bo‘yi salqin, sovqotsa, kostyumimni yelkasiga tashlab qo‘yaman.

Ikki oylik arazdan keyin uchrashuvga chiqqan er-xotinning hayajoni endi turmush qurmoqchi bo‘lgan sevishganlarnikidan kam emasdi.
– Jinnivoy, o‘shanda cho‘ntagimdan olgan lab bo‘yog‘ingni aslida o‘zing uchun sotib oluvdim. Ishxonaga sotib kelishgan ekan, – Ikrom xotinining burnini chimchilab qo‘ydi.
Saida xatosini tushunsa-da otdan tushdi-yu, egardan tushgisi kelmadi. Labini burib:
– Puliz doim o‘ng cho‘ntagingizda bo‘lardi, chap cho‘ntagingizni qaramasligimni bilib, o‘shanga solgansiz. Nega yashirdingiz o‘zimga olgan bo‘lsangiz?
– Baraka topkur, o‘ng cho‘ntak yirtilgan ekan, qaramabsan-da.
– Ana, bizning rizqimiz turadigan cho‘ntak ham yo‘q , bo‘lsayam ilma-teshik...
– .........
– Men kecha-yu kunduz faqat siz haqingizda o‘ylayman, siz esa...
– ......... ( er yana jim)
– Ishga doim qizil galstuk taqardingiz, yaxshi ko‘rardim shuni. Endi qorasini taqyapsiz ekan. Qaysi tanishingiz yoqtiradi qorani?

Uygacha tinmay gapirib kelgan xotinining ovozi o‘chmasligini bilgan Ikrom qulog‘iga paxta tiqib oldi. Endi Saidaning ovozi eshitilmas, faqat qoshi chimirilib, lablari cho‘chchayar, boshi qimirlab qo‘yardi. Uni to‘xtatishning ilojini qilolmagan Ikrom ayolini dast ko‘tarib olib, aylantira boshladi. Boshi bilan birga shift, yer, butun dunyo aylanayotgan xotini bor ovozida baqirardi :
– Siz... sizz... avvallari yiqilsa yomon tushmasin deb gilam ustida aylantirardingiz, endi qattiq yerda aylantiryapsiizz.... o‘zgarib qolgansiiizzz.....

Dilbar Rajabova

#Ayollar

@Hubbuna — oila qurish, oilaviy muhabbat, baxt va farzand tarbiyasi haqida