Get Mystery Box with random crypto!

Ayollarning mashina haydashi joizmi? #Savol: Assalomu alaykum | Hubbuna

Ayollarning mashina haydashi joizmi?

#Savol: Assalomu alaykum. Men zarurat yuzasidan mashina haydayman, turmush oʻrtogʻimning ishi koʻpligi uchun. Shu joizmi dinimizda?

Javob: “Siyarul kabir”ning sharhida aytiladi: “Muslima ayol egarga minmaydi. Bu Paygʻambar (s.a.v.)ning: “Alloh egarlardagi farjlar (ayollar)ni laʼnatlasin”, degan hadislariga binoandir. Bundan egarga koʻngilhushlik uchun yoki oʻzini erkaklarga koʻz-koʻz qilish uchun minishlik iroda qilingan. Ammo unga ehtiyoji borligidan minsa zarari yoʻqdir. Masalan eri bilan hajga borganda oʻrangan holda mingani kabi”. Bu satrlar “Sayrul-kabir” kabi qadim kitobimizdagi ot, tuya kabi ulovlarni minishning hukmi. Endi zamonaviy ulov hisoblangan mashina haydash masalasiga kelsak, bu toʻgʻrida zamonamiz ulamolarining fikrlari quyidagicha:

Suriya ulamolaridan ustoz doktor Vahba Zuhayliy aytadilar: “Sharʼan muqarrarki, ayol sharʼan muboh boʻlgan ishlarni qilishdan maʼn etilmaydi. Ayol mashinani yakka haydasa ham, yonida boshqa kishi boʻlsa ham, bu joiz amaldir. Chunki Islomning ilk davrlarida, turli asrlarda ayollar tuya, ot kabi ulovlar minishgan. Bu sharʼan maʼn etilmagan. Lekin bunda asosiy shart ayol harakatlanishda, mashinani minish va boshqa ishlarida shariat doirasida boʻlmogʻi, unga koʻzi tushganlarga fitna boʻlmaydigan darajada muhtasham kiyinishi kerak.

Yevropa fatvo majlisining aʼzosi Yusuf Abrom aytadilar: “Haydovchilik muboh ish. Lekin harom etilgan ishga olib borsa unda harom boʻladi. Haydovchilik guvohnomasini olishda erkaklar aralashmagan va ayol ehtirom qilinadigan taʼlim jarayonida qatnashsa, soʻng mashinani oʻzi va oilasi uchun foydali yoʻlda ishlatsa, mashina haydashga moneʼlik yoʻq deb bilaman”.

Al-Azhar ulamolaridan ustoz, doktor Abdulfattoh Oshur aytadilar: “Modomiki ayol uyidan Allohning shariatiga rioya qilgan holda chiqar ekan, uning mashina haydashining zarari yoʻq. Modomiki biz uni erkakning sherigi deb tan olgan ekanmiz, taʼlim olishda, turli vazifalarda ishlashida uni teng koʻrarkanmiz, mashina haydashida ham hech qanday yomonlik yoʻqdir. Buni maʼn etganlar hazir va ehtiyot boʻlganlikdan qilganlar. Endi ayol turli masalalarda erkak bilan teng maqomda koʻrilayotgan joriy muhitda bunday ehtiyotkorlikning maʼnosi biroz yoʻqolgan. Biz taʼkidlashimiz lozim boʻlgan narsa shuki, ayol albatta islom odobi bilan odoblansin. Mashina minib shubhali joylarga yoki oʻzini va shaʼnini xatarga qoʻyadigan tomonlarga bormasin. Bundan boshqa hollarda hech qanday moneʼlik yoʻq. Balki ayol oʻzi tanimaydigan yoki ayolni tanimaydigan begona kishi bilan bir mashinada yurishdan koʻra uning mashina haydashi afzaldir”.

Toʻgʻri, saudiyalik ayrim olimlar mashina haydash ayolni erkaklar nazariga tushishi, hayosining kamayishi, uyidan koʻp chiqishi, oʻziga erk berishi, eriga boʻysunmasligi, shaʼni xatarda qolishi, shundogʻam tirband koʻchalarning yanada tiqilinch boʻlishi, ortiqcha harajatlarga sabab boʻlish kabi fasodlar sababidan unga mashina haydash joiz emas, deyishadi. Lekin bu hukm faqat Saudiya mamlakatiga tegishlidir. Qolgan mamlakatlar esa bu ishdan keladigan foyda va zararlarni hisob kitob qilib hukm beradigan ishonchli ulamolarining fatvolariga qarashadi. Jumladan biz ham yuqorida fikrlari keltirilgan muhtaram ulamolarning raʼlariga moyilmiz. Chunki ulardagi ijtimoiy holat, ayolning jamiyatda tutgan oʻrni biznikiga oʻxshashdir. Qolaversa ikki zarar toʻgʻri kelib qolganda ularning yengilini olish shariatimiz qoidalaridandir. Ayolning mashina minishidan keladigan zarar uning jamoat transportidan foydalanish yoki begona erkak bilan xilvatni yuzaga keltiradigan taksiga minishidagi zarardan yengilroqdir.
Ammo ayol kishining taksi haydab odam tashishiga kelsak, bu sharʼan joiz emasdir. Zero, bunda ayol shaʼni muqarrar xatarga qoʻyilgan boʻladi. Shuningdek, ayollar mashina haydashi odatga kirmagan mintaqalarimizda uni targʻib qilmagan maʼqul. Chunki javobimiz ayollarga mashina haydash ruxsatligi haqida bormoqda.

Alloh yanada biluvchi.

Mubashshir Ahmad

@Hubbuna – oila qurish, oilaviy muhabbat, baxt va farzand tarbiyasi haqida