Get Mystery Box with random crypto!

Erondagi Sharif Texnologiyalar universitetida qon toʻkilayotga | Hoshimov Iqtisodiyoti

Erondagi Sharif Texnologiyalar universitetida qon toʻkilayotgan ekan. Bu universitet nafaqat Eronda, balki butun mintaqadagi eng muhim ilm markazlaridan biri. Oʻrta Sharqda bunday zoʻr universitetlar deyarli yoʻq. Shaxsan meni bir nechta yaqin tanishim, hamkasbim, jumladan hatto devor qoʻshnim ham shu universitet bitiruvchisi. Koʻp gʻarbiy universitetlarda tahsil olayotgan va ishlayotgan koʻp Eronlik olimlar oʻsha universitet bitiruvchisi (Hindistonning IITsidek gap).

Aytmoqchi, kelajakda iqtisodiyotdan Nobel mukofoti oladigan eronlik (hozir juda yosh, 40-50 yilda olishiga aminman) — Muhammad Akbarpour ham, shu universitet bitiruvchisi.

Kecha sharqiy yevrodagi eng zoʻr universitetlar — Moskva Davlat Universiteti, Oliy Iqtisodiyot Maktabi va MFTI shu olti oyda toʻkilib ketayotgani haqida yozgan edim. Endi bugun Erondan shunday yangiliklar. Qiziq tomoni — normal universitet qilishga yarim asr va milliardlab pul kerak. Buzish uchun, bir hafta ham kifoya ekan.

Oʻrta sharqda Qirol Abdulaziz Fan va Texnologiyalar universitetiga, Saudiya eng kamida 10 milliard dollar ajratdi, lekin hali ham, Erondagi Sharifga yetgani yoʻq. Xuddi shunday Qozogʻistondagi Nazarboyev universiteti uchun, eng kamida 2 milliard dollar ajratilgan edi. Lekin albatta MDU yoki MFTI darajasiga yetgani yo’q. Shu ikkala yangi universitetga, milliardlar dollarlar bilan birga vaqt kerak — yaʼni bir necha milliard dollar normal universitet tashkil qilish uchun shart boʻlgan talab, to’g’ri — lekin yetarli emas. Universitet tashkil etish uchun (bir necha milliard dollar) yillar kerak, bir necha avlod kerak.

Normal universitetni bir necha kunda vayron qilish uchun esa, koʻrib turganimizdek juda qisqa vaqt kerak ekan. Chunki universitet — bu insonlar, ular ketib qolishsa, universitet ham qolmaydi.

Lekin eng qizig’i, bunday fan markazlarini vayron qilganlar, hech qachon qanday qiyin mehnat mahsulini vayron qilishganini anglab ham yetishmaydi.

| @Hoshimoviqtisodiyoti |