Get Mystery Box with random crypto!

AYOL Sen ayolsan o‘zingda kuch top, Guldek nozik vujuding bil | 𝐻𝒾𝓁𝑜𝓁𝓃𝒾𝓃𝑔 𝓀𝓊𝓃𝒹𝒶𝓁𝒾𝑔𝒾🌙

AYOL

Sen ayolsan o‘zingda kuch top,
Guldek nozik vujuding bilan.
Sen ayolsan xiyonatni chop,
Ilohi nur, sujuding bilan.

Sen olovga yonishdan dars ber,
She’r yoza bil tig‘lar ustida.
Sen gullarga husndan qarz ber,
Raqsga tush cho‘g‘lar ustida.

Atrofingda qashqir uvullar,
Sen yonib tur, iltimos so‘lma.
Dunyo yig‘lar, dunyo huvullar,
Sen o‘lmagin, iltimos o‘lma.

Ezgulikni emizgan o‘zing,
Halollikda tanhosan, toqsan.
Bolasiga chopgan ohusan,
Sen Onasan, shu bilan haqsan.

Bolalaring jovdirab, qo‘rqib,
Kelishingni kutar bukulma.
Sirtmoqlarni tishing bilan uz,
Sen o‘lmagin, iltimos o‘lma.

Sen havosan jon ber, hayot ber!
Zulmatlarni to‘ldir ziyoga.
Sen mehr ber, kuch top va kechir!
Muhabbat ber, ishq ber dunyoga.    

Zulfiya Mo'minova