Get Mystery Box with random crypto!

#versetime Qadringizga yetmadik-a, qadringizga! Sizni ummat | Hazratim

#versetime

Qadringizga yetmadik-a, qadringizga!

Sizni ummat qaygʻulari ezib qoʻydi,
Qalbingizning halovatin buzib qoʻydi,
Yuragingiz tomirlarin uzib qoʻydi,
Bugun qoʻyib keldik, mana, qabringizga,
Qadringizga yetmadik-a, qadringizga.


Suv qadrini suvsiz qolgan bilar ekan,
Nur qadrini koʻzsiz qolgan bilar ekan,
Bu gunohni qanday yuvib boʻlar ekan?
Bizlar sherik boʻlolmadik dardingizga,
Qadringizga yetmadik-a, qadringizga.

Ummat uchun qancha xizmat qilmadingiz?!
Na halovat va na rohat bilmadingiz,
Sizga oʻxshab bir oz himmat qilmadik biz,
Qoyil boʻlib yurdik togʻdek sabringizga,
Qadringizga yetmadik-a, qadringizga.


Mayda-chuyda savollarni berib-berib,
Vaqtingizni oʻgʻirladik bilib turib,
Oʻzimiz ham bir qoʻymadik kitob koʻrib,
Bilib-bilmay ozor berdik qalbingizga,
Qadringizga yetmadik-a, qadringizga.

Siz ketdingiz ortingizdan olam yigʻlar,
Otam, onam, menga hamdard bolam yigʻlar,
Dardlar toʻla yurak- bagʻrim alam tigʻlar,
Zorman endi sizdan qolgan gardingizga,
Qadringizga yetmadik-a, qadringizga.


 Alouddin Neʼmatov