Get Mystery Box with random crypto!

Islomda ayolga munosabat haqida Bir necha kundan beri ijtimoi | Hasanxon, Husaynxon Yahyo Abdulmajid

Islomda ayolga munosabat haqida

Bir necha kundan beri ijtimoiy tarmoqlarda er oʻz ayolini yosh bolalar oldida boʻgʻgani, ertasi kuni uni oʻldirgani haqidagi video ostida bahs-munozalar tinmayapti. Tvitter-u feysbukdagi hamma shu masalani gapirishyapti.

Mana shu munozaralarni o’qish asnosnida ba’zi islomofob va ateistlarning fikrlariga koʻzim tushdi. Unda «mullalar» oʻzlarining maʼruzalarida erkakning huquqlarini koʻpirtirib aytishi, urg’u ko’proq erkaklarga berilishi orqasidan erkaklar oʻzlarining huquqlari juda katta deb bilib, hatto ayollarni urish ham o’z huqulariga kiradi, deb tushunib qolishayoytgani aytib, bunda go’yoki domlalarni aybdor qilishmoqda. Ya’ni domlalar ayollar haqida, ularning haq-huquqlari haqida gapirishmayapti, deb ularni haqorat qilishgacha borishmoqda.

Bu gaplarning noto’g’ri ekanligining isboti sifatida Hasanxon va Husaynxon qorilarning ayollar mavzusida aytgan vaʼzlaridan baʼzisini keltirmoqchiman.

Husaynxon qori suhbatlarining birida hozirgi kundagi Toshkentda, oʻzi umuman Oʻzbekistonda qurilayotgan uylar haqida gapirgandilar. Unda xususan shunday deyilgan edi: deylik, bir odamning bir qavatli uyi bor. Yonidagi qoʻshnisi ikki, uch qavatli uy quradi. Qursa mayli, boyagi qoʻshnisi bilan oʻrtasidagi devor shu boʻyicha qoladi. 3 qavatli uyi bitsa, uning 2-3-qavatlaridan bir qavatli uyda yashaydigan qoʻshnisining hovlisini bemalol kuzatib turish mumkin boʻlib qoladi. Shunday deb turib aynan ayollarga toʻxtalgandilar: «Musulmon erkak oʻzining ahli ayolini, qizlarini begona erkaklardan qizgʻonishi kerak. Ikki qoʻshnidan biri uyini baland qilib qursa, oʻrtadagi devorni ham qoʻshnining uyi, hovlisi koʻrinmaydigan qilib koʻtarib qoʻyishi kerak yo boshqa yoʻlini qilish kerak. Yoʻqsa, unday uyda yashash shariatga toʻgʻri kelmaydi». Bundan tashqari biror tanishingizning uyiga borsangiz, uyining eshigi ochiq turgan boʻlsa, ichkariga qaramasdan birodaringizni chaqirishingiz kerak. Bunda ham yuqorida keltirilganidek, ayollarning eʼtibori qilingan. Chunki ochiq turgan eshikdan qarasa, uy ichidagi nomahram ayollarga koʻzi tushib qolishi mumkin». Yaʼni musulmon odam hatto uy qurishda ham ayolini eʼtiborga olishi kerak.

Hasanxon qori esa «Shamoilul Muhammadiya» suhbatlarining 44-darsida Rasululloh alayhissalomning xulqlarini vasf qila turib shunday degan edilar: «Rasululloh alayhissalom butun umrlari davomida birorta odamga: na ayolga, na erkakka qoʻl koʻtarmaganlar. Ayollari bilan ham faqat yaxshi muomalada yashaganlar. Agar biror insoniylik qilib ayollaridan xato oʻtsa, tanbeh berardilar, yo qattiqroq koyirdilar yoki ulardan yuz oʻgirish — hijron qilardilar», degan edilar.

Bundan kelib chiqyaptiki, Islom dini ayol xato qilsa, urish uyoqda tursin, qattiqroq gapirishga ham ruhsat bermagan. Shunday ekan, jamiyatda bo’layotgan voqealarda faqat domlalarni ayblash noto’g’ri. Agar biror din xodimi shunday ma’noda gapirgan bo’lsa, avval nima uchun bunday gapirganini bilish, keyin barcha savollarni va ayblovlarni o’ziga aytish kerak. Bunda umumiy qilib «mullalar» deb aytish katta xato va gunoh.

Qolaversa, bir kishi ma’ruzani shunday tushungan bo’lsa, bunda domlaning emas, oʻsha odamning oʻzida ayb boʻladi. Rasululloh alayhissalomni tanigan, bilgan, hayotlarini oʻqigan birorta domla er oʻz ayolini urishga yoki oilada erning ayoli ustidan xohlagan ishini qilishga undaydigan vaʼz qilmaydi.

Aksincha oʻsha islomofoblar oʻzlarining tor doiradagi qarashlari bilan qaramasdan turib dinni o'rganishganida edi, Islomda ayolni eʼzozlash kerakligini, ayolini roʻzgʻor bilan taʼminlash, uning huquqlarini himoya qilish erning boʻynidagi farz ekanligini, ayolini urish esa qaytarilgan, qoralangan amal ekanligini bilishgan boʻlardi.

Gapimizning oxirida sizu bizdan hissiyotlarga berilmaslikni, dinimizni yana ham koʻproq bilishimiz va oʻrganishimiz kerakligini eslatib oʻtamiz. Yoʻqsa yuqorida keltirilgan toifalarning yoʻllariga yurib qolishimiz mumkin, Alloh asrasin!

Abdulloh Ozod

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

Telegram • YouTube • Instagram • Facebook