Get Mystery Box with random crypto!

Islomda bandaning amali 8 qismga bo‘linadi: 1. Farz 2. Vojib | ‌H‌a‌d‌i‌s ‌v‌a ‌H‌a‌y‌o‌t 🌙

Islomda bandaning amali 8 qismga bo‘linadi:

1. Farz
2. Vojib
3. Sunnat
4. Mustahab
5. Muboh
6. Harom
7. Makruh
8. Mustakrah

Ushbu sakkiz qism amalning ba’zilarini bajarish shart, ba’zilarini bajarmaslik shart. Yana ayrimlarini qilish-qilmaslik ixtiyoriy.

Farz - Alloh taolo buyurgan amaldir. Uni qilgan kishi savob topadi. Uzrsiz bajarmagan kishi gunohkor bo‘ladi. Uning zarurligiga ishonmagan kishi esa kofir va imonsiz sanaladi. Masalan: Allohga imon keltirish, 5 vaqt namoz o‘qish, ramazonda ro‘za tutish, zakot berish va haj qilish.

Vojib - bajarilishi shart bo‘lgan amal. Uni bajargan kishi savob oladi, bajarmagan gunohkor bo‘ladi. Vojib amalga ishonmagan kishi kofir va imonsiz bo‘lmasa ham, katta gunohga botadi. Masalan: vitr namozini o‘qish, hayit namozlarini o‘qish, sadaqa va fitr berish, qurbonlik so‘yish kabilar.

Sunnat - Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan amallari. Sunnat amalini qilgan kishi savob topadi. Qilmagan kishi gunohkor bo‘lmasa-da, qiyomat kuni malomatga qoladi, Payg‘ambarimiz shafoatlariga loyiq bo‘lmaydi. Masalan: Yaxshi ishlarni "Bismillahir rohmanir rohiym", deya boshlash, mo‘min kishilarga salom berish kabi amallar.

Mustahab - Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ba’zan bajargan va ba’zan bajarishni lozim ko‘rmagan amaldir. Uni qilgan kishi savob topadi. Ammo qilmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Qiyomatda azob va malomatga ham qolmaydi.
Masalan: nafl namoz o‘qish, nafl ro‘za tutish, nafl sadaqa berish va doim tahoratli yurish kabilar.

Muboh - qilinsa ham, qilinmasa ham durust bo‘laveradigan amal. Undan kishi savob ham, gunoh ham topmaydi. Qilish-qilmaslik bandaning ixtiyoridadir.
Masalan: o‘tirish, turish, yurish va zararsiz so‘zlarni so‘zlash.

Harom - islom dinida qat’iy ta’qiqlangan amaldir. Uni qilgan kishi qattiq gunohga botadi, uni halol, deguvchilar kofir va imonsiz hisoblanadi. Masalan: nohaq odam o‘ldirish, odamzotga va hayvonotga zulm qilish, g‘iybat qilish, o‘g‘rilik, yolg‘onchilik.

Makruh - islom dini ta’qiqlagan amal. Makruhni qilmagan kishi savobga qoladi, qilgan kishi esa azoblanishi mumkin. Uni qilgan kishi kofir bo‘lmasa-da, gunohga botadi. Masalan: masjidga tuflash, odobsiz she’rlarni kuylab hofizlik qilish, uyatsiz she’rlarni bitish kabilar.

Mustakrah - shunday amalki, uni qilgandan qilmagan yaxshiroqdir. Qilgan kishi gunohkor sanalmasa-da, odobsiz bo‘ladi. Qiyomatda azobga qolishi mumkin. Masalan: taomni katta-katta yeyish,hayqirib esnash va boshqalar.

Manba: "Ibodati islomiya" kitobi

Yaqinlarga ham ulashing


Kanalga ulanish
https://t.me/+P2XQtgR9goBlODUy