Get Mystery Box with random crypto!

Bugun 31-dekabr... Har yili xuddi shu kunda ko'pchilikning di | Portfolio || Gulnoza Shodmonova

Bugun 31-dekabr...

Har yili xuddi shu kunda ko'pchilikning dilida ajib bir hayajon, shirin entikish uyg'onishi tabiiy. Bugun shunchaki yil almashishi emas, hayot karvonida bir nafas to'xtab ortga nazar solish, erishilgan yutuqlar va qilingan xatolar, o'rni kelsa yo'qotishlar sarhisob qilinajak damlardir...

Tobora oxirlab borayotgan yilda kimdir oila qurdi, yana kimlardir eng aziz neʼmat — farzand baxtiga erishdi, koʻplar sevimli kasbiga ega boʻldi va hokazo... Aslida, tinimsiz shukr qilsak arzirli sabablarimiz juda koʻp, shunday emasmi?

Yoʻqotishlar, sinovlar... Ularning ham hayotimizda maʼlum oʻrni, bajarajak vazifasi bor, shubhasiz... Eng muhimi, ulardan toʻgʻri xulosa qilishimiz, hayot bizga anglatmoqchi boʻlganini vaqtida ilgʻay olsak bas.

Yil soʻngida ortga bir zum nazar solib, beixtiyor alhamdulilloh deyman. Nimaki yuz bergan boʻlsa, albatta bir xayr sababdir. Ha, boshqacha boʻlishi ham mumkin emas!

Menga neniki ravo koʻrsang, barchasi uchun rahmat, hayot! Yangi yil — yangi orzu, yangi marralar degani. Demak, sobit ishonch bilan yana olgʻa intilishda davom etmoq kerak!

Yangi orzu, yangi baxt sari olg'a, azizlarim...