Get Mystery Box with random crypto!

Osteoxondroz qanday kasallik Osteoxondroz – umurtqa pog‘onasi | Grijaga foydali mashqlar va maslahatlar

Osteoxondroz qanday kasallik

Osteoxondroz – umurtqa pog‘onasikasalligidir. Xalq tilida uni bo‘g‘imlar orasiga tuz yig‘ilishi kasalligi deb ham atashadi. Biz ko‘pincha bel-dumg‘aza va bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi, degan tashxislarni ko‘p uchratamiz.

Sabablari nima? Osteoxondroz, asosan, 40 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi. Odam qarigan sayin osteoxondroz bilan kasallanish ko‘payib boraveradi. Biroq og‘ir jismoniy mehnat qiladiganlar va umurtqa pog‘onasi jaroxatlarida bu kasallik yosh tanlamaydi. Jismoniy mashqlar va sport bilan umuman shug‘ullanmaydiganlar ham osteoxondrozga moyil bo‘lishadi.

Belgilari qanday? Osteoxondroz, ko‘pincha, og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Bel-dumg‘aza sohasi osteoxondrozida belda o‘tirganda-turganda ham og‘riq paydo bo‘laveradi, ular sanchuvchi, kuydiruvchi va achishtiruvchi xususiyatga ega bo‘ladi. Ushbu og‘riqlar oyoqning orqa-yon yuzasi bo‘ylab tarqaladi. Ba’zi bemorlarning beli qiyshayib qoladi.
Bo‘yin umurtqalari osteoxondrozida og‘riqlar bo‘yin-ensa sohasida paydo bo‘lib, yelka va qo‘llarga tarqaydi. Bemor bo‘ynini turli tomonlarga burganda, yelkasi yoki qo‘llarini ko‘targanda og‘riqlar paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi kuchliroq namoyon bo‘lsa, bosh miya tomon yo‘nalgan qon tomirlar ezilib bosh aylanishlar va chayqalib yurishlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Osteoxondroz disk churrasiga olib keladimi, deb so‘rashadi. Umuman olganda disk churrasining asosiy sababchisi – bu osteoxondroz. Biroq negadir oddiy osteoxondrozni disk churrasi deb davolash holatlari ko‘p uchramoqda. Bunday tashxislardan aksariyat bemorlar xavotirga tushmoqda, ba’zilari esa operatsiya yo‘lini tanlashmoqda. Beldagi oddiy radikulit yoki osteoxondroz sababli paydo bo‘lgan og‘riqlarni darrov disk churrasi bilan bog‘lash kerak emas. MRT da aniqlangan kichik hajmdagi disk churralari ham xavfli emas. Bemor suzishga qatnasa, umurtqani chiniqtiruvchi maxsus mashqlarni bajarsa, tekis va ravon joyda yotsa, turnikda tortilib tursa, bu holatlar tez o‘tib ketadi. Og‘riq kuchsiz bo‘lsa radikulit, kuchli bo‘lsa – disk churrasi, deb hisoblash ham noto‘g‘ri. Chunki belni bukchaytirib qo‘yuvchi kuchli og‘riqlar radikulit va osteoxondrozda ham uchraydi.

Osteoxondrozda tavsiya etiladigan kompleks mashqlar

Tashxis qanday qo‘yiladi? Osteoxondroz tashxisi rentgen orqali bemalol qo‘yiladi. Agar disk churrasiga gumon qilinsagina, KT yoki MRT tekshiruvi o‘tkaziladi. Negadir rentgen tekshiruviga keluvchilar soni kamayib, KT va MRT tekshiruviga keluvchilar soni ortib bormoqda. Aslida aksi bo‘lishi kerak. Chunki disk churrasi umurtqa osteoxondroziga qaraganda juda kam uchraydi. Vaholanki, osteoxondroz KT va MRT ga qaraganda, rentgenda juda yaxshi aniqlanadi. Buni hamma vrachlar bilishadi. Shunday ekan bemorlarimiz vrachlar ko‘rsatmasiga quloq tutishi, keldi-kelmadi qimmat tekshiruvlarga ruju qo‘yaverishlari yaxshi emas. Diagnostika markazlari ham vrachlar tavsiyasi bo‘lmasa, bemorlarni turli tekshiruvlarga olmasliklari kerak! Men “Bosh miya kasalligi bor” deb gumon qilingan 300 ta MRT xulosasini tahlil qilib chiqdim. Afsuki, 63 ta MRT tekshiruvi haqiqatga to‘g‘ri keldi, xolos. Qolgan 237 ta holatda MRT xulosalari norma bo‘lib chiqdi. Shuncha sarsongarchilik, shuncha behuda sarflangan pul!

Davolash qanday olib boriladi? Shuni unutmangki, osteoxondrozni dori-darmonlar bilan emas, balki turli xil mashqlar, fizioterapevtik muolajalar va dam olish sihatgohlarida o‘tkaziladigan oddiy davolash tadbirlari bilan bemalol davolash mumkin. Dori-darmonlar faqat og‘riqni qoldirish uchun qilinadi.

Prof. Ibodullayev Z.R.

«Asab va ruhiyat» kitobi