Get Mystery Box with random crypto!

#mulohaza_uchun ICHIMIZDA NIMA BOR? Bolalik xotiralarini u | Geothe Hikmatlari

#mulohaza_uchun

ICHIMIZDA NIMA BOR?

Bolalik xotiralarini unutish qiyin. Ayniqsa, dam olish kunlari men uchun bayram edi. Shu kuni otam bilan aylanishga chiqqanimizda doim markaziy hiyobondagi pufakchi amakining oldiga shoshar edim. U har zamonda serjilo sharlarini samoga uchirib, bolalarning es-hushini o‘g‘irlardi. Negadir boshqa hech kimning shari bu qadar baland ko‘tarilmas edi.

Sariq, qizil, moviy, ko‘m-ko‘k pufaklarni tanlashda qiynalib ketardim. Bir kuni bu yaxshi amakining menga aytgan so‘zlari hanuz yodimda saqlanib qolgan.

“Amakijon, menga eng balandga, hammanikidan yuqoriga ko‘tariladigan rangidan bering!”

Shunda pufakchi amaki men tomonga engashib, ma’noli ko‘zlarini menga tikdi:

“O‘g‘lim, sharning baland ko‘tarilishi uning rangiga emas, ichi nima bilan to‘ldirilganiga bog‘liq ...”

U shunday deb ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi, nigohi bilan bu so‘zlar o‘rtamizda sir bo‘lib qolishi zarurligiga ishora qildi. Men o‘shanda samoga ko‘tariladigan sharlarning geliy bilan to‘ldirilganini hali bilmas edim.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, maktabda yoki universitetda bilim natijalari bir xil bo‘lgan ikki a’lochi insonning hayot yo‘li nega turlicha bo‘ladi? Nega ulardan biri baxtiyor, boshqasi g‘amgin yashaydi? Biri muvaffaqiyatlaridan ilhomlanib umr-guzaronlik qilsa, ikkinchisi butun umr kundalik tashvishlar girdobida kun ko‘radi.

Nega birimiz o‘zimizga bo‘lgan ishonch hamda e’tiqoddan kuch olamiz, ikkinchimizni esa g‘azab va qo‘rqoqlik mag‘lub qiladi? Nega shunday? Sababi sharlar kabi bizning ham ichimizdagi bo‘shliq boshqa-boshqa unsurlar bilan to‘ldirilgan, ong-shuurimiz turlicha hislar bilan to‘lgan.

Inson o‘z orzulari sarhadini kesib o‘tar ekan, ichidagi ishonch ulkan kuchga aylanadi. Ich-ichimizda yuz bergan qayta tug‘ilish hodisasi aslida bizni kun kelib sodir bo‘ladigan muqarrar jang uchun tayyorlaydi. Cho‘qqidagi odam manzilga yetgach, qarshisida undan ham baland cho‘qqi borligini anglaydi: muntazam yuksalish – g‘oliblikning yagona yo‘li. Har bir g‘alaba aslida keyingi kurash uchun chaqiriqdir.

Sharqda “O‘zini bilgan avliyo bo‘lar”, degan hikmat bor. Mavlono Jaloliddin Rumiy insonning buyuk bir mo‘jiza ekani va uning jismida hamma narsa yozilganini aytganlar. Bugungi ilm-fan esa buni o‘zicha izohlaydi. Hayotimizga daxldor eng mo‘jizaviy kashfiyot shuki, biz ong-shuurimizni boshqarish orqali hayotda har qanday marrani zabt etishimiz mumkin.

Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi

“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”

Muvaffaqiyatli emas, avvalo qadrli inson bo‘lishga harakat qiling. Albert Eynshteyn
@goethe_hikmatlari