Get Mystery Box with random crypto!

Abu Nasr Tammor rahmatullohi alayh rivoyat qiladi: Bir kishi h | G'iyosiddin Yusuf | blog

Abu Nasr Tammor rahmatullohi alayh rivoyat qiladi: Bir kishi hajga ketish oldidan Bishriy Hofiy rahmatullohi alayh bilan xayrlashish uchun keldi va:
“Hajga borishni maqsad qildim, menga nimani buyurasiz?” dedi. Shunda u zot: “Hajga borib kelish uchun qancha pul ajratding?” dedi. U: “Ikki ming dirham”, dedi. Bishri Hofiy rahmatullohi alayh unga: “Agar sen uyingda turib, ikki ming dirhamni infoq qilib, aniq ishonch bilan Alloh taoloning roziligini topishing mumkin bo‘lgan, boshqa bir ishni aytsam qilasanmi?” dedi. U kishi: “Ha, qilaman, ayting!” dedi.
U zot: “Unday bo‘lsa, borgin-da, uni o‘n kishiga taqsimlab ber. Qarzdor qarzidan qutilib oladi, kambag‘al o‘zini o‘nglab oladi, serfarzand odam oilasiga ro‘zg‘or qiladi, yetimni parvarish qiluvchi uni xursand qiladi. Agar, bordi-yu uni bitta kambag‘alga berishga qalbing ko‘proq moyil bo‘lsa, bir odamga bersang ham bo‘ladi. Chunki musulmonning qalbiga shodlik kiritish, qiynalganga yordam berish, unga yetgan zararni ketkazish va zaif insonga ko‘maklashish Allohning nazdida farz hajdan keyingi yuzta hajdan afzalroqdir. O‘rningdan turgin-da, biz aytganimizdek qil, yoki bunday qila olmasang qalbingdagini ayt!” dedi. Shunda u: “Ey Abu Nasr, qalbimda hajga borish istagi kuchliroq”, dedi. Bishri Hofiy rahmatullohi alayh uning bu gapidan tabassum qilib kuldilar, so‘ng unga qarata: “Qachonki mol-dunyo tijoratning kirliklari va shubhalardan to‘plangan bo‘lsa, nafs ishini qilib olish payidan bo‘ladi va faqat tashqi ko‘rinishidan chiroyli amallarni qilishga undaydi.
Vaholangki, Alloh taolo nafsiga qasam ichib, faqatgina taqvodorlarning amalini qabul qilishini e’lon qilgan”, dedilar.
Ushbu hikoyani o‘qigan, qayta-qayta haju umraga borishni ishtiyoqida yurgan yoki otam-onamga atab qanday savobli ish qilsam bo‘larkin deb o‘ylanib turgan har bir musulmon Alloh taolo rizosini istab qilmoqchi bo‘lsa, atrofidagi nofila hajdan-da afzalroq, vojibroq bo‘lgan xayrli amallarga e’tibor bersin.

Bahodir Rahmatullohning
“Ota bo‘lish osonmi?” kitobidan, #iqtibos

@GiyosiddinYusuf