Get Mystery Box with random crypto!

​Til oʼrganish Bot orqali eng koʼp soʼraladigan savollardan b | Fathiyya Nabijon

Til oʼrganish

Bot orqali eng koʼp soʼraladigan savollardan biri - biladigan tillarimni qayerda va qanday oʼrganganim hamda qaysi oʼquv markazlarini tavsiya qila olishim haqida.

Bugun post orqali shu mavzuni koʼtarmoqchiman: Nima uchun oʼquv markazlarini tavsiya qilmayman

Shaxsan oʼzim biladigan tillarimni birortasini oʼquv markazida oʼrganmaganman. (Rus tili bogʼcha/maktab/litsey va hozirgacha universitetda, ingliz tili litseyda, nemis tili ham litseyda, turk tili self-study qilib, arab tili ustoz bilan lekin markazda emas, koreys tili universitetda).

Oʼquv markazlardagi til oʼrgatish tizimi mutlaqo xato, samarasi past, eng asosiysi - vaqt yoʼqotishga olib boradi deb hisoblayman.

Dars oʼtish metodikalarini oʼzinigina ikki semestrdan buyon oʼrganib keladigan talaba sifatida maktab va oʼquv markazlarida qoʼllaniladigan anʼanaviy usullarni keskin qoralayman. 

Har bir inson, xoh bola boʼlsin, xoh katta yoshli shaxs - oʼz qobiliyat va moyilliklariga ega boʼlgan individ.

Odam oʼzini qanday turdagi oʼrganuvchi turkumiga kirishini aniqlab ham anchagina vaqt, mablagʼ va boshqa resurslarini tejab qolishi mumkin.

Masalan men ʼʼVisual learnerʼʼman. Maʼlumot qabul qilish, yangi narsalarni oʼrganish, soʼz yodlash - barcha-barchasini oʼqish va kuzatish koʼnikmalarimni ishlatib amalga oshiraman.

Bitta maʼruzani 80 marotaba qayta-qayta eshitsam ham, bir bora oʼsha maʼruza matnini mustaqil oʼqib chiqqanimdagichalik eslab qola olmayman. Boshqa tildagi notanish soʼzlarni bir kunda ming marta eshitib yodlay olmasligim mumkin, lekin bir marta oʼsha soʼzga qarab, oʼqib, yozib koʼrsam tamom, eslab qolaman.

Bir tanish dugonam esa ʼʼaudio-learnerʼʼ. Bilgan narsalarini 90%ni podcastlar eshitish orqali oʼrgangan. Bir narsani 10 marotaba oʼqib atiga 30% eslab qolsa, 1 marotaba eshitib 70-80% eslab qoladi.

Yana bir insonni bilaman, u ʼʼkinesthetic learnerʼʼ. Nimadir oʼrganishi uchun albatta unga aloqador qandaydir harakat-mashgʼulotlarni bajarishi kerak. Eshitib yoki oʼqib emas, faqatgina bajarib koʼrib toʼliq oʼrgana oladi.

Endi uchchalamizni oʼquv markazga, bir guruhga borib til oʼrganishimizni tasavvur qilib koʼring!

Bir xil materiallar, bir xil ustoz, bir xil yondashuv - uch xil natija.

Matn oʼqib oʼrgangan kunimiz men faol boʼlaman, haligi ikkisi hech nimani tushunmay oʼtirishadi. Podcast eshitib mashq bajargan kunimiz natijalarim juda yomon chiqadi, audio-learner dugonam ʼʼрулитʼʼ. 

Hech qaysi oʼquv markazda turli xil mashgʼulotlar bilan til oʼrgatilmasligini hisobga olsak, ʼʼkinesthetic-learnerʼʼ tanishim har kuni ota-onasidan ʼʼNega anavi ikkisi zoʼr oʼqiydi, sen esa yoʼq?! Nega ular bilan bir vaqtda boshlagan boʼlsang ham, sen doim orqada qolib ketaverasan?! Demak yaxshi oʼqimayapsanʼʼ deb dakki eshitadi.

Bu narsa hatto sharʼiy ilm olishda ham muhim. Masalan men uchun Qurʼon oyatlarini eshitib emas, musʼhafga qarab qayta-qayta oʼqib yodlash samaraliroq. Aqida va fiqh ahkomlarini ham maʼruza tinglab emas, kitobdan oʼqisam yaxshiroq tushuna boshlayman.

Kalomullohni eshitib yod olgan hofizi-Qurʼonlar esa audio-learner hisoblanishadi, chunki bu usul ularning fitratlariga hos, qulay.

Mavzu yaxshigina keng va chuqur ekan, hali til oʼrgatish mobaynida qilinadigan yondashuvlar bor, ularga ham juda koʼp narsa bogʼliq zotan.

@fathiyyanabijon
#fathiyya_bilan_pedagogika
#fathiyya_shaxsiy_rivojlanish