Get Mystery Box with random crypto!

Mustaqilligimizning 31 yilligi muborak bo'lsin MUSTAQILLIK | Farg'ona politexnika instituti

Mustaqilligimizning 31 yilligi muborak bo'lsin

MUSTAQILLIK


Mustaqillik so‘zin salmog‘i og‘ir,
Avaylab aytaman har safar uni.
Tarix daftarini varaqla, axir
Bormi xalqim uni kutmagan kuni.

Bu serhosil tuproq, serquyosh o‘lka,
Qancha bosqinlarni kechirdi boshdan.
Jangu jadallardan el bag‘ri tilka,
Jayxun bilan Sayxun to‘ldi ko‘z yoshdan.

Doroyu, Iskandar, Chingiz, Nikolay,
Lak-lak askar bilan keldi galma-gal.
Elni ko‘tardilar erlar bir talay,
Gʻanimlar yo‘lini to‘sishib dangal.

To‘marislar chiqib, Shiroqlar chiqib,
Chiqib Temur Malik, Manguberdilar,
Gohida yiqilib, gohida yiqib,
Yurt deya borlig‘in beraverdilar.

Qirg‘inlar taxdidi tinmadi bir rov,
Xalqim hammasiga bera oldi dosh.
Ummonday yog‘ilib kelganda ham yov,
Jon ketsa ketdi, lek egmadi bosh.

Jasoratlar haqqi ketmadi zoya,
Turonim qaytadan rostladi savlat.
Dunyoni yarmiga tashladi soya,
Sohibqiron qayta tiklagan davlat

Gurkirab yashnadi ilmu fan, ijod,
Bu oltin davrning saxnalarida.
Bulutga bo‘y cho‘zdi minglab iste’dod,
Taraqqiyotning har jabhalarida.

Yovuz kuchlar bir zum olmadilar tin,
Yengiga yashirib tig‘larin keskir.
Zamon o‘taverdi yeldirib otin,
Sinovdan o‘tkazib barchani bir-bir.

…O‘zgacharoq bo‘ldi so‘nggi yetmish yil,
Gʻanimlar shaytonning tutdilar yo‘lin.
Biz o‘rtoq dedilar, do‘st deb qabul qil,
Makkora jilmayib berdilar qo‘lin.

Xalqimdagi sodda bu kichik fe’lni,
Topib bo‘lmas axir olamni izlab.
Bundayin kamtarin, zahmatkash elni,
Manqurt qilmoqlikni qoldilar ko‘zlab.

O‘girib, ag‘darib, tashlandi tarix,
Asoga tayandi ona tilimiz.
Fotiha o‘qishga qo‘rqdik, yo,darig‘
O‘rgamchak to‘rida qoldi dinimiz.

Oyoq osti bo‘ldi bobolar qabri,
Ulug‘ qadamjolar yarim vayrona.
Toshdan qattiq ekan insonning sabri,
Mayus turaverdik bo‘lib hayrona.

Navoiy yaratgan nazm bog‘ida,
Shoir, yozuvchilar ko‘tardilar bosh,
Millatim, xalqim deb kuylar chog‘ida,
Ularning og‘ziga solishdilar tosh.

Kimki haqiqatni so‘zlasa yoqlab,
Qatag‘on qilindi, qilindi surgun.
Qutilib qolganni ozgina oqlab,
Dedilar, biz chizgan chiziqdan yurgin!

Paxtalar terildi qorlar ostidan,
Onalar ko‘ksiga bolasin quchib.
Og‘ular sepildi ular ustidan,
Temirqush boshlarga tegay deb uchib.

Bosmachi dedilar, dedilar o‘g‘ri,
Boru-budimizni talayotib ham,
Non-tuzimizni yeb, to‘g‘ridan-to‘g‘ri,
So‘ngra tuzlig‘imiz yalayotib ham.

...Bir kun yog‘du tushdi falak bag‘ridan,
Xalq yana hayrondir o‘ngmi bu yo tush.
To‘siqlarni yengib, o‘tmish qa’ridan
Qanot yozib keldi yurtga Xumo qush.

Bir mard o‘g‘lon chiqdi davraga tetik,
Uning qisqa so‘zi abadiy doston.
Elim orzu qilgan shodlikka yetdik,
Shu ondan mustaqil, xur O‘zbekiston!

Vatan ozod bo‘lsa, butundir bag‘ir,
Tinchlik havosidan olgaydir nafas.
Bu yo‘lda jon tikmoq har erga faxr,
Men ham shu faxrimdan ayrilmasam bas.

Ravshan Madumarov

Bizdan uzoqlashmang t.me/farpiyoshlar