Get Mystery Box with random crypto!

​​Qo‘lim ochilmaydi, o‘lgunimcha to Sendan yashirganim – o‘sha | Eski fikr

​​Qo‘lim ochilmaydi, o‘lgunimcha to
Sendan yashirganim – o‘sha bir narsa.
Mening bandaligim bo‘lguncha bajo,
Bilmaysan.
Bilmaysan, bu xayol Iskandarning ham
Qo‘lidan kelmagan orzusi, o‘yi.
Qo‘limdan keladi, axir, azizam,
Qo‘lim ochilganda – sochlaring bo‘yi.

Yo‘lim ochilmaydi, o‘lgunimcha to
Yo‘limga sig‘magan bitta qildaysan.
Folbinlar – yolg‘onchi, ta’birlar – xato,
Bilmaysan.
Bilmaysan, bir kuni tumonat odam
Ortimdan ergashar shoshib-shoshmasdan.
Yo‘lni men boshlayman, axir, azizam,
Yo‘lni men boshlayman qadam bosmasdan.


Ko‘zim ochilmaydi, boshqa odam u, –
Ko‘zin katta-katta ochib jilmaygan.
Men sendan bir dunyo yashirdim mangu,
Bilmaysan.
Bilmaysan, sen – dunyo ko‘rmagan odam,
U – g‘amgin yurakning yostiqdoshlari.
Ko‘zimda yashaydi, axir, azizam,
Ko‘zimda – ko‘zingning yoshlari.

Odil Ikrom

@eski_fikr | barchasi jiddiy