Get Mystery Box with random crypto!

#ertak Boychechak ertagi Hans Kristian Andersen Qish shamol | Ertaklar.uz

#ertak
Boychechak ertagi

Hans Kristian Andersen

Qish shamoli uvillar, uychaning ichi esa shinam va issiq ekan. Bu uychada gul yashirinib olgan edi. Albatta, u qor va tuproq ostida o'z ildizini yashirgan ekan. So'ng yomg'ir yog'ibdi. Tomchilar qor pardasini teshib, gul izdizlariga toma boshlabdi. Tomchilar yerdagi yorqin, nurga to'la hayot haqida hikoya qilishibdi, undan keyin esa muloyim va qat'iyatli quyosh nuri qor orasidan o'tib, ildizni ilita boshlabdi.

Kimsiz? Kiravering! — debdi gul.

Kirolmayman! — debdi quyosh nuri. — Men eshikni ocholmayman. Yozgacha sabr qil, o'shanda kuchga to'laman.

Yoz qachon bo'ladi? — so'rabdi gul. Quyosh nuri har safar yerga etib borganda, ana shu savolini takrorlayveribdi. Lekin hali yozga ancha erta bo'lib, hammayoq qor bilan qoplangan ekan, har kuni kechasi suv muzlab qolarkan.

Bu juda jonga tegdi-ku! — debdi gul. — Vujudim zirqirayapti. Qaddimni rostlashim, erkinlikka chiqishim, yozga ta'zim qilib, tongga salom berishim kerak. Oh, bu – naqadar ulug' baxt!

Oxiri gul o'rnidan turibdi, kerishib cho'zilibdi, iliq tuproq, qor suvi va quyosh nuridan namlangan qobig'iga yonboshlabdi. U ko'm-ko'k poyasi uchida och yashil g'unchasini ko'targanicha, darhol yuqoriga bo'y cho'za boshlabdi, g'unchaning nozik gulbarglari qor ustiga chiqibdi. Qor sovuq ekan, lekin ko'z qamashtirib yarqirab turganmish, uning orasidan chiqish ancha oson ekan, quyosh nurlari hatto ilgarigidan ham yaqinmish. Quyosh nurlari qo'ng'iroqday tovushlari bilan:

Xush kelibsiz! Xush kelibsiz! — deyishayotganmish, hatto kuylashayotganmish.

Gul qor ustidan quyosh nuriga peshvoz chiqibdi.

Quyosh nurlari gulni silab-siypalabdi, nozikkina bo'sa olibdi, natijada gul butunlay ochilib ketibdi. Gul qorday oppoq bo'lib, quvonch va sharm-hayo bilan boshini quyi egib turaveribdi.

Chiroyli gul! — deb kuylabdi quyosh nurlari. — Naqadar nafis, latifsan! Sen ilk ochilgan gul! Sen yakka-yu yagonasan! Sevikligimiz! Sen shahar va qishloqlarga iliq yozdan darak olib borasan! Qorlar erib, sovuq shamollar bosh olib ketadi! Bizning mavsumimiz boshlanadi! Hammayoq yashil libos kiyadi! Nastarin, tolbuta, atirgul singari do'stlaring paydo bo'ladi, lekin sen ilk gulimizsan, nafis va latifsan, beg'uborsan!

U butun havo kuylaganday, quyosh nurlari uning barglari, poyalariga singib ketganday sevinibdi, latif, noziknihol, lekin shu bilan birga, yoshlik go'zalligi bilan och yashil libosida turaveribdi va yozni sharaflayveribdi. Lekin hali yozga uzoq ekan, bulutlar quyosh nurini to'sibdi, sovuq izg'irin shamol esibdi.

Sal ertaroq bosh ko'taribsan! — debdi unga ob-havo bilan Shamol.

Biz hali senga kuchimizni ko'rsatib qo'yamiz! Qudratimizni bilib olasan! Uyingda jim o'tiraverganing, yasanib ko'chaga chiqmaganing ma'qul edi. Sen aytgan fursat hali kelgani yo'q!

Yana sovuqlar boshlanib ketibdi. Quyosh yilt etib ko'rinmagan badqovoq kunlar uzoqqa cho'zilibdi. Kunlar shunday sovibdiki, bechora nozik gul tomir-tomirigacha muzlab ketibdi. Lekin bu qadar matonatliligini hatto uning o'zi ham bilmas ekan. «Yoz, albatta, keladi», — degan ishonch va surur gulga kuch-quvvat bag'ishlabdi. U yozga sadoqatliligicha qolibdi, «Quyosh nur­lari kutishga arziydi», — deb o'ziga- o'zi dalda beribdi. Gul qalbi sevgi, ishonch va umidga to'la oq harir kiyimida oppoq qor betida turaveribdi, laylakqorlar yog'ganda va izg'irin shamol esganda esa, boshini quyi solibdi.

Adoyi tamom bo'lasan, — deyishibdi unga. — Muzlab qolasan, xazon bo'lasan! Bu yerlarda nimani axtarib yurgan eding? Nega quyosh nuriga ishona qolding? U seni aldadi. Ajab bo'ldi, tentak. Sendaqa yoz xabarchisini qara-yu!

Ahmoq! — deb takrorlabdi gul unga ayozli ohangda.

Yoz xabarchisi! — deb qichqirishibdi bog' ichiga chopqillab kirgan bolalar. — Qaranglar, biram ajoyib, chiroyli. Endigina ochilgan yolg'iz gul ekan!