Get Mystery Box with random crypto!

Har bir ishda hikmat bor Bir kuni bir kishining tuyasi quduqq | IT taʼlim

Har bir ishda hikmat bor

Bir kuni bir kishining tuyasi quduqqa tushib ketdi va odamlarni yordamga chaqirish uchun bo‘ynini cho‘zib tepaga qaragancha pishqirib baland ovozda naray boshladi. Uning harakatlarini payqagan xo‘jayini yugurib keldi va quduqdan chiqarib olish uchun rosa harakat qildi.

Uni quduqdan chiqarib olishning iloji yo‘qligini bilgach, xo‘jayin shunday fikr qildi:“Tuyam ham ancha qarib qoldi, yaqin orada o‘lib qolishi aniq, o‘zi shusiz ham  yoshroq va baquvvatroq tuya olmoqchi bo‘lib yurgandim, qolaversa, bu quduq ham qurib qoldi, uni anchadan beri ko‘mib yuborib, yangi quduq qazimoqchi bo‘lib yurgandim. Nega endi bitta o‘q bilan ikki quyonni urmayin, biryo‘la tuya va quduqni ko‘mib qo‘yaqolaman”.

Ko‘p o‘ylab o‘tirmasdan qo‘shnilarni yordamga chaqirib, ketmon – kuraklarini olib, quduqni tuproq bilan  to‘ldira boshlashdi. Nima bo‘layotganini bilgan tuya boshini chayqar, oyoqlari bilan yerni urar, tez-tez pishqirib, baland ovoz chiqaradi. Lekin odamlar uning harakatlariga e’tibor bermasdan, quduqqa tuproq tashlashda davom etishardi. Bir mahal tuya jim bo‘lib qoldi.

Qachonki, xo‘jayin quduqqa qaraganida ajoyib bir manzarani ko‘rdi. Tuya o‘zining ustiga, o‘rkachlariga tushgan tuproqni bir silkitib tushirib yuborar, oyoqlari ostiga olardi. Biroz vaqt o‘tgandan keyin tuya barchani hayratda qoldirib, tuproqlarni oyoqlari bilan tepkilab-tepkilab yuqoriga ko‘tarilib, quduqdan chiqib olgan edi!

Endi bir o‘ylab  ko‘ring.
Balki sizning hayotingizda ham qiyinchiliklar, noxushliklar bo‘lgandir va bu kelajakda sizga yanada yaxshiliklar keltirar. Har qanday muammo sizga otilgan toshdir. Mana shu toshlar yordamida siz yuqori darajalarga ko‘tarilib borasiz. 

8-sinf “Tarbiya” darsligidan

Kanalga obuna bo'lish:

Telegram | Facebook | Instagram | You Tube