Get Mystery Box with random crypto!

Birinchi kurs talabalariga tegishli Koʻpchilik talaba boʻlish | "IDEAL'' | EC | Furqat

Birinchi kurs talabalariga tegishli

Koʻpchilik talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻlgandan keyin oradan vaqt oʻtib, talabalikka erishish uchun qilgan harakatlarini, uyqusiz tunlarini sekin-asta unuta boshlaydi.

Talaba boʻlishni qanchalik orzu qilganini, bunga erishish uchun nimalarga tayyor boʻlganini unuta boshlaydi.

Oliygohga birinchi qadam bosgan kundagi hayajonlar unutiladi. Goʻyoki, talabalikka shunday erishib qolganday, koʻnikish boshlanadi.

Darslarga tayyorgarlik sustlashadi. „Krutoy“ oʻrtoqlar paydo boʻladi. Ularga qoʻshilib, ora-sira darsdan qochishlar boshlanadi. Oʻqituvchilar yoqmay boshlaydi. Bir amallab baholarni olib, sessiyalarni yopib, diplomni olishni oʻylab qoladi.

Natijada, diplomdan boshqa hech narsasi yoʻq kadrga aylanib, institutni bitiradi.

Hurmatli birinchi kurs talabalari!

Siz nima uchun oʻqishga kirdingiz? Maqsadingiz nima? Kim boʻlmoqchisiz? Shularni hozir aniq bilasiz-a? Javob chiqqanda naqadar hursand boʻlganingizni hali unutmagandirsiz? Atrofingizda qancha tengdoshingiz bu baxtga erisha olmay qolganini koʻryapsizmi?

Siz bu baxtga erishdingiz! Oliygohni bitirib olguncha shu narsani unutmang! 4 yil umringizni qadrlang! Vaqtingizni ilmga sarflang!

Bu gaplarni oliygohni bitirib olganlar doim takrorlaydi. „Endi tushundim, qani endi hozir vaqtim boʻlsa, rosa kitob oʻqirdim!“, deydi. Lekin, vaqti yoʻq!

Sizda vaqt bor! Qilishingiz kerak boʻlgan ish ham shu! Kitob oʻqing, bilim oʻzlashtiring, oliygoh bilim berish darajasi qoniqtirmasa, qoʻshimcha kitoblar olib oʻqiyvering.

Mehnat bozoriga yetuk, qimmat kadr boʻlib chiqing! Shunda sizni orqangizdan ish beruvchilar yuradi, takliflar koʻp boʻladi. Tanlab-tanlab ishlaysiz! Vaqtida ilmni egallaganingiz uchun tez oʻsasiz, koʻp natijaga erisha olasiz!

Talabalik bilan tabriklaymiz! Institutni bitirguncha umringizni samarali oʻtkazishingizni tilab qolamiz!
@edu_ideal