Get Mystery Box with random crypto!

#Atom_odatlar 1965-yilda vengriyalik Laslo Polgar ismli odam | Elektron kutubxona

#Atom_odatlar

1965-yilda vengriyalik Laslo Polgar ismli odam Klara ismli ayolga bir nechta antiqa xat yozgan.
Laslo qunt bilan ishlashga qattiq ishonardi. Lasloning dunyoda ishongan yakkayu yagona narsasi shu edi. U tug‘ma iste’dod haqida eshitishni ham xohlamasdi. Uning fikricha, o‘z ustida astoydil ishlash va yaxshi odatlarni
shakllantirish orqali bola har qanday sohaning dahosiga aylanishi mumkin. Uning hayotdagi shiori: "Daholar tug‘ilmaydi, balki ta’lim va tarbiya natijasida paydo bo‘ladi" edi.
Laslo ushbu g‘oyaga shu qadar ishonar ediki, ularni o‘z farzandlarida sinab ko‘rishga ham tayyor edi. Uning Klaraga xat yozishdan maqsadi ham tajriba uchun ko‘ngilli turmush o‘rtoq qidirish edi. Klara o‘qituvchi edi, garchi uning bu g‘oyaga ishonchi Laslonikidek mustahkam bo‘lmasa ham, to‘g‘ri tarbiya berish bilan har qanday inson o‘z ko‘nikmalarini kuchaytirishi mumkin deb hisoblardi.
Laslo shaxmat o‘yini tajriba uchun mos tushadi degan qarorga kelib, o‘z farzandlarini ushbu sportning chinakam ustalariga aylantirish rejasini ishlab chiqdi. U farzandlariga uyda ta’lim berishga qaror qildi. Bunday ta’lim Vengriyada juda kam uchrardi. Rejaga ko‘ra, ularning uyi shaxmat haqidagi kitoblar va buyuk shaxmatchilarning suratlariga to‘la bo‘lar, bolalar esa bir-biri bilan shaxmat o‘ynab, eng nufuzli musobaqalarda qatnashishi kerak edi. Bolalar duch kelgan har bir raqibning o‘yini kuzatilib, maxsus fayllarda ipidan ignasigacha qayd etilib borilardi. Ularning hayoti shaxmatga bag‘ishlandi.
Lasloning sa’y-harakatlari zoye ketmadi. U Klara bilan turmush qurdi va bir necha yil ichida Polgarlar oilasida uch qizaloq Syuzan, Sofiya va Yudit dunyoga keldi.
To‘ng‘ich qizi Syuzan to‘rt yoshligida shaxmat o‘ynashni, olti oydan so‘ng esa kattalarni yutishni boshladi.
O‘rtancha qizi Sofiya yanada yuqori natijalarga erishdi. O‘n to‘rt yoshida u dunyo chempioni, bir necha yildan so‘ng esa grossmeyster unvoniga sazovor bo‘ldi.
Kenja qizi Yudit hammasidan ham o‘tib tushdi. Besh yoshida u otasini yenga olardi. O‘n ikki yoshida u dunyodagi eng yaxshi shaxmat o‘yinchilari yuztaligiga kirgan eng yosh o‘yinchiga aylandi. U o‘n besh yoshu to‘rt oylik bo‘lganda, avvalgi rekordchi Bobbi Fisherni ortda qoldirib, tarixdagi eng yosh grossmeysterga aylandi. Yigirma yetti yil davomida u jahonning eng yaxshi ayol shaxmatchisi unvonini saqlab qoldi.
Opa-singil Polgarlarning bolaligi, yumshoq qilib aytganda noodatiy o‘tgan. Shunga qaramasdan ular bolalik davrini yoqimli va hatto lazzatli xotiralarga to‘la holda eslaydi. Intervyularda ular yoshlik davrlarini mashaqqatli emas, balki qiziqarli deb ta’riflaydi. Ular shaxmat o‘ynashni chindan ham yaxshi ko‘rardi. O‘yinni qancha ko‘p o‘ynasa, shunchalik oz tuyulardi. Kunlarning birida Laslo Sofiyani yarim kechasi hammomda shaxmat o‘ynayotganini ko‘rib qoladi. U qizini uxlashga olib ketar ekan, "Qizim, shaxmat donachalarini o‘z holiga qo‘y", deydi. Bunga Sofiya: "Dadajon, ammo ular meni o‘z holimga qo‘ymaydi-da!" - deya javob qaytaradi.
Opa-singil Polgarlar shaxmatni hamma narsadan ustun qo‘yadigan muhitda voyaga yetgan. Ularni shaxmat uchun maqtashar va mukofotlashardi. Ular o‘sib-ulg‘aygan muhitda shaxmatga mukkasidan ketish normal holat bo‘lgan.

- Jeyms Klir. "Atom odatlar"

@e_kutubxona