Get Mystery Box with random crypto!

Huquq ustuvorligi va qonun ustuvorligi farqlari Huquq ustuvor | Elektron kutubxona

Huquq ustuvorligi va qonun ustuvorligi farqlari

Huquq ustuvorligi va qonun ustuvorligi ikki xil tushuncha bo‘lib, ular boshqaruv va adliyani amalga oshirishga nisbatan turli yondashuvlarni ifodalaydi. Bu iboralar o‘xshash eshitilsa-da, ularda asosiy tamoyillari va oqibatlari jihatidan sezilarli farqlar mavjud.

1. Huquq ustuvorligi (qonun vositasida huquqiy prinsiplarning hukmronligi) adolatli jamiyatda qonun-qoidalar ustuvorligini taʼkidlaydigan asosiy huquqiy tamoyilga ishora qiladi. Bu - har bir shaxs, jumladan hukumat ham qonunga bo‘ysunishi va uning oldida hisobdor bo‘lishi deganidir. Huquq ustuvorligining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:

a. Qonun oldida tenglik: Qonunlar barcha shaxslarga, ularning mavqei, boyligi va hokimiyatidan qatʼi nazar, teng qo‘llaniladi. Hech kim qonundan ustun emas va har kim qonun ostida teng himoyaga va muomalaga haqlidir.

b. Shaffoflik va oqibatlardan xabardorlik: Qonunlar va huquqiy jarayonlar hamma uchun ochiq, aniq belgilangan va oldindan ko‘rish mumkin. Bu shaxslarning o‘z huquq va majburiyatlarini anglashi va o‘z harakatlarining oqibatlarini oldindan bilishini taʼminlaydi.

c. Odil sudlov va protsessual adolat: Sud jarayonlari xolis va adolatli tarzda amalga oshiriladi. Bunga odil sudlov huquqi, qonuniy vakillik huquqi, aybsizlik prezumpsiyasi hamda isbot va dalillarni taqdim etish huquqi kiradi.

d. Fundamental huquqlar himoyasi: Huquq ustuvorligi so‘z, yig‘ilishlar va ifoda erkinligi kabi fundamental inson huquqlari va erkinliklarini qo‘llab-quvvatlaydi va himoya qiladi. Ushbu huquqlarga nisbatan har qanday cheklovlar aniq qonun-qoidalarga asoslanadi va alohida ko‘rib chiqilishi lozim.

2. Qonun ustuvorligi (qonun vositasida siyosiy hukmronlik) esa qonunlar adolat va shaxsiy huquqlarning kafolati sifatida emas, balki hokimiyatdagilar tomonidan nazorat vositasi sifatida foydalaniladigan tizimni anglatadi. Qonun ustuvorligida hukumat o‘z irodasini qonunlar orqali amalga oshiradi, ammo bu qonunlar adolat, tenglik va hisobdorlik tamoyillarini o‘zida mujassamlashtirmasligi mumkin. Qonun ustuvorligining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:

a. Nazorat vositasi: Qonunlar hokimiyatdagilarning harakatlarini qonuniylashtirish uchun ishlatiladi va bunda ko‘pincha tiyib turuvchi mexanizmlar bo‘lmaydi. Hukumat o‘zgacha fikrni bostirish, muayyan shaxslar yoki guruhlarni nishonga olish yoki o‘z qudratini mustahkamlash uchun qonunlarni manipulyatsiya qilishi yoki ularni selektiv (tanlovli) ravishda qo‘llashi mumkin.

b. Sud tizimining mustaqil bo‘lmasligi: Siyosiy hokimiyat unga taʼsir ko‘rsatishi yoki aralashishi mumkin. Sud qarorlari huquqiy tamoyillar va dalillarga asoslangan holda emas, balki hokimiyatdagilarning manfaatlariga xizmat qilish uchun qabul qilinadi.

c. Huquqlarning cheklangan himoyasi: Baʼzi huquqlar qonunda yozib qo‘yilgan bo‘lsada, ularning himoyasi ko‘pincha buziladi. Jismoniy shaxslar odil sudlovdan to‘laqonli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lolmaydi hamda ularning huquqlari samarali arz qilish yoki qayta tiklash vositalarisiz poymol qilinadi.

d. Hokimiyatni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish: Qonun ustuvorligi hukumatning o‘zboshimcha va tiyiqsiz harakatlariga olib kelishi mumkin bo‘lib, bunda qonunlar oldindan aytib bo‘lmaydigan yoki nomuvofiq tarzda qo‘llaniladi yoki talqin qilinadi. Bu noaniqlik va qo‘rquv muhitini yaratadi, chunki odamlar o‘z harakatlarining oqibatlari qanday bo‘lishini bila olmaydilar.

Xulosa qilib aytganda, Huquq ustuvorligi qonunlar xolis, oshkora va barchaga teng amal qiladigan hamda fundamental huquqlarni himoya qilish va adolatni taʼminlashga xizmat qiladigan tizimni targ‘ib qiladi. Bundan farqli o‘laroq, Qonun ustuvorligi (yoki Qonun hukmronligi) qonunlar hokimiyatdagilar tomonidan, ko‘pincha shaxsiy huquq va erkinliklarni cheklash hisobiga nazorat vositasi sifatida foydalaniladigan tizimni anglatadi.

NeoJadid

@e_kutubxona