Get Mystery Box with random crypto!

'Endi Umarlar yo‘q. Endi Umarlardek munosib ummat ham yo‘q.' | Elektron kutubxona

"Endi Umarlar yo‘q. Endi Umarlardek munosib ummat ham yo‘q."

Ma’lumki, aksar davlatlar qonunlariga ko‘ra, amaldorlar biznes bilan shug‘ullanishlari mumkin emas. Shuning uchun ularning xotini, farzandi yoki jiyani kompaniyalar ochadi. Biror ish uchun tender o‘tkazilsa, ular yutadi. Sog‘lom raqobat yo‘q qilinadi, monopoliya tashkil qilinadi. Amaldor kursisidan ketgunicha yetti avlodiga yetadigan boylik to‘plab oladi.
Shuning uchun qaysi davlatni qaramang, davlat rahbarlarining farzandlari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari shaxsiy biznesiga ega bo‘ladi.
Bu ahvol bizga islom tarixidagi bir voqeani eslatadi.
Xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xalqning ahvolini bilish uchun bozorga bordilar. Qarasalar, bir tuya boshqalaridan semizroq ekan.
- Bu kimning tuyasi? - deb so‘radilar.
- O‘g‘lingiz Abdullohniki, deyishdi.
Umar roziyallohu anhu qattiq darg‘azab bo‘lib:
- Tez oldimga kelsin!!! - dedilar.
Abdulloh ibn Umar otalarining oldiga shoshilinch yetib keldi.
- Bu sening tuyangmi?
- Ha, ota. Men uni o‘z pulimga xarid qildim. Boqaman, sal katta bo‘lgach, boshqalar kabi sotaman.
- Odamlar tuyangni ko‘rganda mo‘minlar amiri (amirul mo‘minin) o‘g‘lining tuyasiga suv beringlar, mo‘minlar amiri o‘g‘lining tuyasiga yem bering, deyishadi. Oqibatda tuyang hammanikidan semiz, foydang hammanikidan ko‘proq! Shunday emasmi?!
- Balki, otajon - dedi Abdulloh.
Umar roziyallohu anhu hukm qildilar:
- Tuyangni sot, bu ishingga qancha pul tikkan bo‘lsang, o‘shani olib qol, foydaning barchasini musulmonlar baytul moliga  qo‘yib qo‘y!
Endi Umarlar yo‘q. Endi Umarlarga munosib ummat ham yo‘q.
Endi siz bilan biz bormiz, xolos. Ahvolimiz o‘zingizga ayon.
Alloh bizlarga najot bersin!

- Mahmud Usmon

@e_kutubxona