Get Mystery Box with random crypto!

KITOBGA QAYTISH VIJDONGA QAYTISHDIR Maqoladan parchalar: Sh | Elektron kutubxona

KITOBGA QAYTISH
VIJDONGA QAYTISHDIR


Maqoladan parchalar:

Sharq olamida, muqaddas Islom dini ruhida yashagan xalqlar orasida kitob, yozuv, qog‘oz hamisha behad moʻtabar ne’mat hisoblanib kelgan. Shu bois odob risolalarida kitob bor uyda yotmaslik, yotish zarur bo‘lsa, kitobga qarab oyoq uzatmaslik, kitobni xuddi kitobning sohibini, ya’ni muallifini moʻtabar tutgandek moʻtabar tutish ta’lim qilinadi.

Kitobga e’tibor avliyo va alloma zotlar hayotida boshqacha shaklda namoyon bo‘ladi. Tasavvuf buyuklaridan birlari: “Agar karvonning birinchi tuyasiga kitob ortilgan bo‘lsa, men oxirgi tuyaning arqonini tahoratsiz ushlamayman!” – deganlar. Hazrat Nu’mon ibn Sobit Abu Hanifa – Imom A’zam: “Men umrim davomida qog‘oz bozoridan betahorat o‘tmadim”, deganlar. Bundan ma’lum bo‘ladiki, ilgari qog‘oz bozorlari alohida bo‘lgan.

Bu so‘zlar bizning xalqlarimiz kitob ne’matiga qanday buyuk hurmat bilan qaraganlariga dalildir.

Hazrati Abu Iyso Muhammmad Termiziy o‘z tasniflari bo‘lmish “Al-jomi’ as-sahih” (“Sunani Termiziy”) kitobi haqida so‘zlab: “Kimning uyida bu kitobdan bor bo‘lsa, o‘sha uyda hazrat Payg‘ambar (alayhissalom) gapirayotgandek bo‘ladilar”, deganlar. Bu so‘zlar butun dunyo ahliga ma’lum va mashhurdir. Demak, buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan har bir kitob yonida uning aziz muallifi turishini ana shu muborak so‘zdan anglasak bo‘ladi.

Kitob o‘z mavqeiga qarab, qalbni tiriltiruvchi, shu’urni uyg‘otuvchi, haqiqatni bildiruvchi, insonni tarbiyat qiluvchi, jamiyatni poklovchi bir omildir.

Kitobga qaytish vijdonga qaytishdir. Kitobga qaytish haqiqatga, insofga, adolatga, ma’naviyat va ma’rifatga, umuman olganda, hayotga qaytishdir. Kitobsiz hayot ruhsiz hayotdir. Ruhsiz hayot esa o‘limdir.

- Mirzo Kenjabekning
(“Kitobga qaytish vijdonga
qaytishdir”) maqolasidan.

@e_kutubxona