Get Mystery Box with random crypto!

#Nazm Muhammad Yusuf tilidan (Bitilmagan so‘nggi she’r)  VID | Elektron kutubxona

#Nazm

Muhammad Yusuf tilidan
(Bitilmagan so‘nggi she’r) 

VIDO

Rizqim uzilganga o‘xshaydi, chog‘i, 
Izlama, hech qanday tashhisu, malham.
Tobora avjlanar dardning o‘chog‘i, 
Yetolmasam kerak Toshkentgacha ham. 

Tek qo‘y, kuzatmagin, vujudim og‘rir,
Ellikqal’a degan yurtda ne gunoh 
Vatanning sharqida tug‘ilib, oxir, 
G‘arbida o‘lmoqni bitibdi, Alloh! 

Ig‘vo tarqatmanglar maza-bemaza, 
Mabodo, yuz bersa biror bir kor-hol. 
Toshkentda ochmasin, hech qanday aza,
Sim qoqqin, Abdulla Orifga darhol! 

To‘xta, aytib qolay, jon pishmasidan,
Hammasi joyida: seyf, stol, palos... 
Faqat Yozuvchilar uyushmasidan, 
Bir varaq ariza qarzim bor, xolos. 

Aytgancha, stolim chap tortmasida, 
Bir shoir yigitning qo‘lyozmasi bor. 
Adashmasam, edi yurtga qasida, 
Shuni nashriyotga-taqrizga yubor. 

Og‘zim quriyapti, suv ber, bir qultum,
"Ruh o‘zin ulfati jondan toʻymoqda". 
Oh, ota bo‘lib men, nima ham ko‘rdim, 
Yuragim kuymoqda, ichim kuymoqda! 

"To‘rt" bolamdan birin menda ko‘ngli yo‘q,
Nima qilay axir, Xudoyim aytsin. 
Nazira o‘gaymas, uning o‘g‘li yo‘q, 
Boburga aytinglar, Darxonga qaytsin! 

Shoirning she’rlari-taqdiri, derdi, 
Rosti ishonmasdim, bosmasdi titroq.
Nahot, Robbim menga shunday dard berdi
Taqdirim bo‘ldimi "Lolaqizg‘oldoq"!?

Jonsiz jigarimga botmoqda tikan, 
Qoraytirib borar yuzlarimni g‘am. 
Aslida, she’rlarim peshonam ekan, 
To‘yin ko‘rolmadim qizlarimni ham. 

O‘lsam, uch qizimga bo‘ladi og‘ir, 
Ehtimol, ular ham qilishar toqat. 
Yig‘lashib, yig‘lashib ko‘nadi oxir, 
Onamni ko‘ndirib bo‘lmaydi faqat! 

Kor qilmaydi unga hech himmatingiz, 
O‘zin ado qilar, jonini yeya 
Ayting sekingina-Muhammadingiz, 
Ketdi MUHAMMADning yoniga-deya. 

Soat nechchi bo‘ldi, qosh qoraydimi,
Jonga tegdi dersan, shu shoiri ham. 
"Menga havo yetmas...", jon toraydimi, 
Buncha hayalladi, Azroili ham. 

Kelishin kutamiz endi nachora, 
Bir shoir jonida intiqomi bor. 
Aytgancha, uch kundan keyin, bechora,
Nozima qizimning imtihoni bor. 

Eh, nima bo‘lar-a, rektorga borgin, 
Bir iltimos qilgin, uchrab o‘ziga. 
Tegsa, tegibdida, yordami axir, 
Muhammad Yusufning bitta qiziga. 

Ana kelayotir, ajal pishqirib, 
Uzmoq bo‘lar rizqu-saodatimni. 
Qaysi bir so‘zimda olar...ishqilib, 
Aytishga ulguray Shahodatimni. 

Oh, nima deysan-a, Naziramga ayt, 
Sho‘rlikni yoz qolib, qishi tushmasin. 
Yana tilga chiqar, o‘zim bitgan bayt: 
"Nomard odamlarga ishi tushmasin!" 

Unga shon kerakmas, unvon kerakmas,
Yetadi xilqatu-xayoli degan. 
Unvon berib ketay men unga, abad, 
Muhammad Yusufning ayoli degan! 

Ichim achiyapti Adabiyotga, 
Arzirli bo‘lmadi, o‘gitlarim ham. 
So‘zini muhrlab abadiyatga, 
Odam bo‘larmikan shogirdlarim ham? 

Bilaman, yozadi qalamin o‘pib, 
Sirojiddinlaru, Azim Suyunlar. 
Qo‘rqaman, qo‘shiqchi shoirlar qo‘pib, 
Bosib kelmasmikan qaro quyunlar! 

Nahot o‘z o‘zimdan ko‘nglim to‘lmasa, 
Chala qoldi saboq, bo‘ldi endi kech! 
Faqat bir o‘gitim: dardi bo‘lmasa, 
Shogirdman demasin Muhammadga, hech! 

Muhammaddan iymon, Yusufdan jamol, 
Yashadim, lek shoir jismi bilan, men. 
Gunoh ham qilganim rostdir, ehtimol, 
Ikki Payg‘ambarning ismi bilan, men!

O‘zi kechirguvchi, istig‘for aytgum, 
Darig‘ tutma mendan muhabbatingni. 
O‘zingdan yaraldim, o‘zingga qaytgum,
O‘zing kechir sodda Muhammadingni!

O‘LIM NIMA,
BU HAM BITTA SAYR, ONA, 
O‘G‘LING QARO YERGA KЕTDI
XAYR ONA...!


O‘lmasbek Samarqandiy

@e_kutubxona