Get Mystery Box with random crypto!

#Fozil_odamlar_shahri JAHOLATDAGI SHAHARLARNING AHOLISI HAQID | Elektron kutubxona

#Fozil_odamlar_shahri

JAHOLATDAGI SHAHARLARNING
AHOLISI HAQIDA SO‘Z


   Adashgan jaholatda qolgan shaharlarning aholisiga kelsak, ularning ruhlari kamol topmagan bo‘ladi, chunki ular (ruhni tarbiyalash o‘rniga) faqat moddiy mulk, noz-ne’matlarga qiziqadilar va dastlabki tushunchalar yordamida haqiqiy baxt-saodat haqidagi haqiqatlarni o‘zlashtirib olmaganlar. Ular ishongan moddiy mulk, buyumlar abadiy emas, buziluvchi, yo‘qoluvchi bo‘lgani, ba’zilari avvalroq, ba’zilari keyinroq yo‘qoluvchi bo‘lgani sababli, ularning modasi yo‘qolmaydi-yu, boshqa (keraksiz) chiqindilarga aylanishi mumkin. Bu chiqindilar ham aynib, chirib ketganida eng oxiri yana ilk unsurlar holiga keladi.
Shundan so‘ng o‘sha ilk unsurlar turlicha birlashib, aralashib, (Yer yuzida yana jonli va jonsiz mavjudotlar paydo bo‘lib) yangi hayot boshlanadi. Bu ilk unsurlardan qanday mavjudot paydo bo‘lishi ular aralashadigan muhitning holatiga bog‘liq.
Fazilatli shaharlar aholisi esa, ularning ruhlari avvalgi ajdodlari qoldirgan ma’rifat va ma’naviyatni o‘zlashtirib, kamolotga yetishganlari sababli moddiy mol-mulklarga kishanlanib, qattiq bog‘lanib qolmaydilar. Ular aslida, fitratda vijdonli, sofdil bo‘lgani sababli dunyoviy hayotda ba’zi yomon xulqlarga berilib, gunoh, yomon ishlar qilgan bo‘lsalar, vijdonan, ruhan azoblanadilar, avvalgi fazilatlari bunday tuban ishlarga qarshilik ko‘rsatadilar va shu sababli yana azoblanadilar. Jaholatdagi shaharlarning aholisi baxt-saodat deb o‘ylab tuban ishlarni qilayotganida ular ruhining aqlli qismida qattiq-og‘riq paydo bo‘lsa ham, hissiy lazzat bu og‘riqni sezdirmay qo‘yadi. Agar inson hissiyotlarini jilovlay olsa, ruhning aqlli qismi yomon xulq va tuban qilmishlardan og‘riq sezadi va moddiy buyumlar, zebu ziynatlardan uzoqlashadi. Biror falokatga uchrab, xafa bo‘lgan odam hissiy rohat vaqtida qayg‘usini unutganiday, hissiy rohat tamom bo‘lganida yana qayg‘usi esiga tushganiday holat yuz beradi. Shunga inson hissiy rohatlar bilan doimo mashg‘ul bo‘laversa, ruhining sog‘lom qismi qayg‘u-kulfati bergan vijdon og‘rig‘ini sezmay yashayveradi. Hissiy rohatlar, lazzatlar jism zaiflashganida yoki jonsizlanganida tugaydi, ana shunda ruh o‘z hayotida qolgan yomon qilmishlari, gunohlarini eslab, doimiy azoblanaveradi. Agar shunday holat oddiy fuqaroga nisbatan ancha baland mavqedagi odamda yuz bersa, uning tortadigan azoblari oddiy odamning azoblariga nisbatan ko‘p marta og‘irroq bo‘ladi. Agar shunday (yuqori mavqedagi) odamning qayg‘usiga o‘ziga o‘xshash do‘stlarining ham qayg‘ulari qo‘shilsa, azob-uqubatlar yanada kuchayadi va doimiy davom etadi. Baxt-saodatning ziddi bo‘lgan baxtsizlik shunday bo‘ladi.
Adashganlar shahrining aholisiga kelsak, uning boshlig‘i, raisi o‘zi haqiqiy baxt nimaligini bilsa ham, o‘zining qandaydir g‘azabli maqsadlariga yetishni ko‘zlab, xalqni yo‘ldan urgan, adashtirgan, shu sababli bunday shahar (davlat) aholisi xulqi buzilgan, ma’naviyatsiz bo‘ladi. Bunday shahar boshlig‘i ham, aholisi ham haqiqiy baxt-saodat yo‘lidan adashgani uchun baxtsiz bo‘ladilar.

- Abu Nasr Forobiy "Fozil odamlar shahri"

@e_kutubxona