Get Mystery Box with random crypto!

Kitob mutolaasi haqida (davomi) Inson tarbiyasiga emas, tabia | Elektron kutubxona

Kitob mutolaasi haqida (davomi)

Inson tarbiyasiga emas, tabiatiga amal qildi deguncha, bolaga aylanadi va buyumlarni o‘ynay boshlaydi. Shunda non yerosti yo‘li qazilgan toqqa, ko‘rpa esa g‘orga yoki qor bosgan dalaga aylanadi. Shunday bolalarga xos soddalikdan va bu o‘yinchi dahodan ikkinchi turdagi kitobxonga nimadir yuqadi. Bu o‘quvchi asar mazmuni yoki shaklini qanchalik qadrlasa, uning haqiqiy, yanada muhimroq qadr-qimmatini ham shunchalik yuqori baholaydi. Bu kitobxon bolalarga o‘xshab, har bir narsaning ehtimol o‘n yoki yuz mazmun-mohiyati, ahamiyati va qadr-qimmati borligini yaxshi biladi. Mazkur o‘quvchi, masalan, yozuvchi yoki faylasufning voqea, hodisalar, narsalarga nisbatan o‘z bahosini o‘z-o‘ziga yoxud kitobxonga majburan qabul qildirishga urinayotganini kuzata borib, jilmayib qo‘yishi hamda muallifning erkinligi va asossizligi bo‘lib ko‘rinayotgan narsa aslida sustkashlik va majburlashdan boshqa narsa emasligini payqab olishi mumkin. Bu kitobxon professor-adabiyotshunoslar va adabiyot munaqqidlariga ko‘pincha butunlay noma’lumligicha qoladigan jihatni: mazmun va shaklning erkin tanlovi degan tuturiqsiz gapning mutlaqo mavjud emasligini ham yaxshi biladi. Ya’ni, adabiyot tarixchisi, Shiller falon yili falon syujetni tanlab olib, uni besh bo‘g‘inli yamb (vazn) orqali ifodalashga ahd qilgan, deydi. Kitobxon esa na syujet, na yamb shoirning erkin tanloviga sabab emasligini, unga rohat bag‘ishlagan yagona narsa – shoir syujetni nima qilishi emas, balki syujet shoir bilan nimalar qilganini ko‘rish istagidir.
Shu xildagi fikrga kelganda, estetik deb ataladigan qadriyatlar deyarli butunlay o‘z qimmatini yo‘qotadi va aynan har qanday xato, kamchilik va nomukammalliklar ulkan jozibadorlik kasb etishi mumkin. Chunki bunday kitobxon yozuvchi ketidan izvoshchiga ergashgan otga o‘xshab emas, balki o‘ljaning iziga tushgan ovchidek boradi va poetik erkinlik bo‘lib ko‘rinayotgan narsa tomon nogoh tashlangan nazar, shoirning sustligi va zo‘rakiligini payqagan nigoh, soz texnika hamda nafis so‘z san’atining barcha go‘zalliklaridan ham ko‘ra ko‘proq zavq-shavq, shodlikka noil bo‘lmog‘i mumkin.

- Hermann HESSE

@e_kutubxona