Get Mystery Box with random crypto!

Kitob mutolaasi haqida (davomi) Kitobxonlarning uch turi: SOD | Elektron kutubxona

Kitob mutolaasi haqida (davomi)

Kitobxonlarning uch turi: SODDA KITOBXON

Har qanday kishi ham atrofidagi odamlarni yoshligida o‘zi uchun muhim xarakterlar bilan o‘zaro o‘xshashligiga qarab, ko‘pincha g‘ayrishuuriy bir tarzda guruhlarga bo‘lib chiqishi tabiiy. Bunday bo‘linishlar, qanchalik jozibali va yoqimli bo‘lmasin, sof shaxsiy tajribaga yoki qandaydir ilmiy tipologiyaga asoslanishidan qat’i nazar, har qanday odamda ham har qaysi turga xos xususiyat, belgilar va o‘ta qarama-qarshi xarakterlar hamda mizojlar, bir-biri bilan o‘zaro almashinib turadigan holatlar yanglig‘, har bir alohida shaxsda uchrashi mumkinligini ta’kidlab, tajribaning yangi kesimini belgilab olish ba’zan o‘rinli va samarali bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, men quyida kitobxonlarning uch turi yoki boshqacha qilib aytganda, uch darajasi xususida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Albatta, bu bilan kamina kitobxonlarning butun dunyosi uzil-kesil mana shu uch toifaga bo‘linadi, demoqchi emasman. Zero, har birimiz o‘z shaxsiy hayotimizning turli davrlarida goh u, goh bu guruhlarga mansub bo‘lishimizga to‘g‘ri kelishini ham unutmasligimiz lozim.
Shunga ko‘ra, eng avvalo, sodda kitobxonni olib ko‘raylik. Har birimiz ham dam-badam ana shunday o‘quvchi qiyofasida namoyon bo‘lib turamiz. Bunday kitobxonlar – hindular haqidagi kitobchani o‘qiyotgan bolakay yo graf ayol hayoti to‘g‘risida hikoya qiluvchi romanni mutolaa qilayotgan oqsoch yoki Shopenhauerni o‘rganishga kirishgan talaba – barchasi, ovqatni paqqos tushiradigan sertomoq xo‘randa singari, kitobni yutib yuboradi. Bunday o‘quvchining kitobga munosabatini bir shaxsning ikkinchi bir shaxsga munosabatidek, deb bo‘lmaydi, balki aksincha, ot suliga yoki izvoshchiga qanday qarasa, xuddi shunday deyish mumkin. Kitob yetaklaydi, kitobxon esa unga ergashadi. Kitob syujeti xolisona, beg‘araz voqelik sifatida idrok qilinadi. Syujetning o‘zi bo‘lsa koshkiydi! Badiiy adabiyotning tuppa-tuzuk bilimga ega ashaddiy o‘quvchilari ham borki, ular butkul sodda kitobxon sinfiga mansubdir. Garchi ular syujetning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmasalar-da, romanda qancha aza yoki qancha to‘y tasvir etilganiga qarab baho bermaydilar, shu bilan birga, muallifning o‘zini tushunib, kitobning estetik mohiyatini xolisona qabul qiladilar. Ular asar muallifining barcha zavq-shavq, quvonchiga va ilhomiga sherikdirlar, uning dunyoqarashiga butkul qo‘shilib, muallifning tasavvur mahsulini, turlicha ma’no berish holatlarini hech bir e’tirozsiz qabul qiladilar. Oddiy odamlarni asar syujeti, undagi vaziyat, voqea va harakatlar qiziqtirsa, o‘tkir aql sohiblari uchun esa muallif mahorati, tili, bilimi, ma’naviy saviyasi muhim. Ular buning barchasini qandaydir xolisona voqelik sifatida – adabiyotning so‘nggi va eng yuksak boyligi sifatida – Karl May muxlisi bo‘lmish navqiron o‘quvchi “Eski paypoq” asaridagi voqealarni mavjud voqelik deb qanday idrok etsa, xuddi shunday tushunadilar.
Bunday sodda kitobxon, mutolaaga munosabatiga ko‘ra, umuman, shaxs hisoblanmaydi, balki o‘zi bilan o‘zi andarmon o‘quvchi, xolos. U romandagi voqealarning keskinligiga, xavf-xatarga to‘la sarguzashtlariga, ishqiy lavhalarga boyligiga, tasvirning dabdabali yoki ojizligiga qarab baholaydi yoki buning o‘rniga, muallifning o‘zigagina baho berib qo‘yaqoladi, ya’ni uning muvaffaqiyatlarini shunday andaza bilan o‘lchaydiki, bu me’yor oxir-oqibatda doimiy odatga aylanadi. Bunday o‘quvchi kitob, umuman, his qilib, tushunib o‘qish va mazmuni yoki shakliga munosib baho berish uchungina yaratilgan deb o‘ylaydi, bunga shak-shubha qilmaydi. Ya’ni, kitob – non yoki ko‘rpa-to‘shakka o‘xshagan narsa, deb hisoblaydi.
Biroq dunyodagi mavjud barcha narsalarga nisbatan bo‘lganidek, kitobga ham o‘zgacha munosabat joiz.

- Hermann HESSE

@e_kutubxona