Get Mystery Box with random crypto!

Ziyoli odam kim? Ziyoli odam haqida gapirishdan oldin Ziyo ah | Elektron kutubxona

Ziyoli odam kim?

Ziyoli odam haqida gapirishdan oldin Ziyo ahlining namoyandalaridan boshlash to‘g‘ri kelyapti. Ziyolilik komil andozalarini aniqlashtirib olgach, shaxsning o‘z zamoni, makoni va imkoniyatidan kelib chiqa oladigan ziyolilik haqida gapirish mumkin bo‘ladi.

Ziyoning komil ahli

1. Ziyoning komil ahli - payg‘ambarlardir. Ular ifoda etgan Ziyo bu bevosita Yaratgan Zotdan kelgan Haqiqatdir.  Payg‘ambarlar Xudoning topshirig‘i bilan yetkazish kerak bo‘lgan narsani yetkazar edilar.
Payg‘ambarlarning ayrimlari to‘g‘ridan to‘g‘ri podshoxlarga da’vat bilan chiqishdi, ayrimlari podshoxga vazir bo‘ldi, qaysilaridir podshoxlik ham qildi, boshqalari zodagon yo‘lboshchilarni haqqa chaqirgan bo‘lsa, yana boshqalari oddiy odamlar ichida bo‘ldi.
Payg‘ambarlar o‘z risolatlarini ado etishdi. Bu yo‘lda qo‘rquv va shahvatlarni chetga surib, o‘z burchlarini ado etdilar. Payg‘ambarlar zo‘ravon hukmdorlar va johil olomon injiqliklariga bo‘yso‘nmaydigan shaxslar edi. Allohning salomi va salovotlari bo‘lsin barcha payg‘ambarlarga.

2. Muqaddas Kitoblardan payg‘ambar bo‘lmagan ammo payg‘ambarlar keltirgan haqiqatlar uchun jonbozlik qilgan odamlar haqida xabarlar bor, bular: siddiqlar, shahidlar va solihlar. Alloh ulardan rozi bo‘lsin.


Endi xalqlar ichidan chiqqan turli ziyolilar misollarini keltiramiz (Oydinlar, intellektuallar, intelligenisiya)

• Haqiqat va adolat nisbiy narsalar emasligini o‘z xalqiga uqtirmoqchi bo‘lgan suqrotlar;

• Adolatli davlatni hikmat va aql bilan barpo qilishga ishongan nizomulmulklar;

• Hukmdorlar oddiy xalq bilan bo‘lishi lozimligini uqtirgan makiavellilar;

• Xalqini istiqlolga yetaklagan gandilar;

• Xalqni jaholat botqog‘idan olib chiqqan jadidlar;

• Mustabid tuzumni ochiq inkor qilgan antifashistlar va dissidentlar;

• Mazlumlar huquqlari uchun kurashgan martin-lyuter-kinglar va malkolm ikslar... va hokazolar...


Ziyo ahlining risolat va umuminsoniy toifalarini birlashtiruvchi sifatlarida to‘xtalaman:

1. Erkin tafakkurga ega bo‘lish;

2. Vijdon amri bilan ish tutish;

3. Haqiqat va adolatni oliy qadriyat deb bilish;

4. Aql va irodani mana shu qadriyatlarga bo‘yso‘ndirish;

5. Zulmga qarshi turish, zulmni hech qaysi tarafdan qo‘llamaslik;

6. Mazlumlar taraf bo‘lish va mazlumlar tarafini quvvatlash;

7. Odamlarga fikriy va amaliy o‘rnak ko‘rsatadigan murabbiy bo‘lish;

8. Yaqinlari, omma va hukumdorlarga yoqimsiz ko‘rinsa ham haqiqatni aytish;

9. Muammolar asosiy sabablari va yechimlarini ko‘ra bilish va e’tiborni shunga qaratish.


Kimdir ziyoli deb bu o‘z sohasi eksperti bo‘lgan, kasbi bilan foyda keltirdiganlar deb aytdi. Bu fikrga qo‘shila olmayman. Mutaxassis bo‘lish har qanday odam uchun amaliy va fikriy quvvatni ta’minlaydi. Ammo unutmaslik kerakki, bu quvvatni behudaga isrof qilish va xatto zulmga ishlatishi ham mumkin. Bunga ko‘p misollarni bilamiz. Mutaxassis yo olimda zehniy imkoniyatlari kengroq bo‘ladi va shuning uchun uning harakatlari samaraliroq bo‘lishi mumkin, natijasi ko‘proq seziladi. Ammo adolatsizlikka befarq bo‘lsa, haqiqatni oliy tutmasa, Ziyo yo‘lida harakat qilmasa, u shunchaki bilimdon mutaxassis, ziyoli emas.

- Jamshid Muslimov

@e_kutubxona