Get Mystery Box with random crypto!

#VASATIYA Dangasalik tanasiga singib ketgan va riyozatni | Elektron kutubxona

#VASATIYA

Dangasalik tanasiga singib ketgan va riyozatni yoqtirmaydigan ba’zi bir kishilar: «Xuddi tashqi suratni o‘zgartirib bo‘lmaganidek, axloqlarni ham o‘zgartirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi», deydilar.
    Bu mutlaqo noto‘g‘ri gap. Agar axloqni o‘zgartirib bo‘lmaydigan bo‘lsa, va’zu nasihatlarning ma’nosi bo‘lmas edi. O‘zimiz ovlab kelgan vahshiy hayvonning uy hayvoniga aylanayotganini ko‘rib turib, qanday qilib axloqning o‘zgarishini inkor qilamiz?! It taomni yemay, tark qilishni, ot chiroyli yurishni o‘rganadi. Faqat ba’zilari osonlik bilan, boshqalari qiyinchilik bilan o‘rganadi, xolos.
    Ba’zilar, asli yaratilganda bor narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi, degan xayolda bo‘ladilar. Bilish kerakki, maqsad mazkur sifatlarni butunlay yo‘q qilib tashlash emas. Aksincha, riyozat chekib urinishdan maqsad shahvatlarni ifrot va tafriytning o‘rtasi bo‘lgan moʻtadillikka qaytarishdir. Ularni tamoman yo‘q qilib yuborish mumkin emas.
    Zotan, asl yaratishda shahvatni foyda uchun zarur bo‘lgani uchun yaratilgan. Misol uchun, taom shahvati kesilsa, inson halok bo‘lishi, jinsiy shahvat qirqilsa, nasl kesilishi turgan gap. Agar g‘azab butunlay yo‘q bo‘lsa, odam o‘zini halok qiladigan narsadan ham himoyalanmay qo‘yadi.
    Alloh taolo Oli Imron surasida:
«Va g‘azabni yutadiganlar», degan (134-oyat). «Gʻazabni yo‘qotadiganlar», degan emas.
Shuningdek, taom shahvatida ham, badnafslik bilan o‘ta chimxo‘rlik orasidagi moʻtadillik matlubdir.

- Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. "Vasatiya - hayot yo‘li" kitobidan

@e_kutubxona