Get Mystery Box with random crypto!

Tramp-Bayden bahsi: tartibsiz, haqorat va inkorlarga to’la tor | Green Card | Amerikada ishlash | dvlottery

Tramp-Bayden bahsi: tartibsiz, haqorat va inkorlarga to’la tortishuv

Prezident Donald Tramp va uning demokrat raqibi Jo Bayden o’rtasida kechgan bahs, kutilganidek, juda shafqatsiz bo’ldi. Lekin bundan ham ajablanarlisi – o’ta tartibsiz kechdi. Tramp deyarli butun bahs davomida Baydenning gaplarini bo’lib, uning erkin gapirishiga imkon bermadi. Moderatorning bir necha bor Trampni ogohlantirishi ham foyda bermadi.

Bayden bundan asabiylashib, bir joyda Trampga qarata “og’zingni yum”, dedi. Yana bir joyda prezidentni “masxaraboz” deb atadi.

Har ikki tomon bir-birini tinimsiz yolg’onchilikda aybladi. Bayden Trampga qarata, “sen har doim yolg’onchisan”, dedi. Tramp Baydenni aqliy jihatdan to’kis emassan; ikkinchi darajali odamsan, deb atadi.

Mavzular

Nomzodlar koronavirus pandemiyasi, iqtisodiyot, Oliy sudga sudya tayinlash, saylovlarni halol o’tkazish kabi bir qator mavzularda bahslashdi.

2016 va 2017-yillarda $750 soliq to’lagansiz, xolosmi, degan savolga Tramp, yo’q, millionlab dollar soliq to’laganman, deb javob berdi.

Tramp, shuningdek, oq irqchilar va millatchilarni qoralaysizmi, degan savolga javob berishdan bosh torti, gapni olib qochdi.

Tramp pochta orqali ovoz berishni qoralab, bu firibgarlikka olib borishini aytdi. Unga ko’ra, saylov natijalarini aniqlash haftalab, hatto oylab vaqt olishi; bunga Oliy sud ham aralashishi mumkin. AQShda prezidentlik saylovi natijasi shu paytgacha, odatda, har doim saylov kunining o’zidayoq e’lon qilinib kelgan.

Kuzatuvchilar bahosi

Bahs tugagandan so’ng uni tahlil qilgan “CNN” boshlovchilariga ko’ra, Trampning chiqishi “uyatsiz va axloqsiz”, bahsning o’zi esa “sirkdagilar ham ko’rsatishga uyaladigan darajada rasvo tomosha” bo’ldi.

Jurnalistlar kim ko’p yolg’on gapirganini ham hisob-kitob qilishga ulgurdi. “New York Times” gazetasi bahs davomida fakt sifatida tilga olingan har bir ma’lumotni o’rganib chiqdi. Unga ko’ra, Tramp tomonidan o’nlab yolg’on yoki aldamchi ma’lumotlar aytilgan. Baydenda bu deyarli kuzatilmagan.

Xulosa

Prezidentlik bahslari, odatda, qaysi nomzodga ovoz berish bo’yicha bir qarorga kelib bo’lgan saylovchilar uchun jiddiy o’zgarish yasamaydi. Hali bir qarorga kelmaganlar yoki amaldagi prezidentni yoqtirmaydigan, ammo ikkinchi nomzodni yaxshi tanimaydigan saylovchilar uchun bahslar muhim ahamiyatga ega.

So’rovlarga ko’ra, Trampdan norozi amerikaliklar ko’pchilikni tashkil qiladi. Ammo butun umrini siyosatda o’tkazgan Baydenni yoqtirmaydiganlar ham ko’p. Ya’ni u prezident bo’lsa, AQShda hech narsa o’zgarmaydi, deb hisoblovchilar kam emas. Hatto Baydenni yoqtirmagani uchun Trampga ovoz beradiganlar ham mavjud. Yoki, aksincha, Trampni yomon ko’rgani uchun har qanday ikkinchi nomzodni yoqlashga tayyorlar ham topiladi.

Bahslarda, odatda, nomzodlarning noma’lum qirralari ochiladi; saylovchilar ularni yaxshiroq tanib olishlari uchun imkoniyati paydo bo’ladi. Shu tariqa eng yaxshi chiqish qilgan nomzodning reytinglarda ko’rsatkichlari oshishi mumkin.

Shaxsiy fikrim – Bayden birinchi bahsda Trampni yengdi. Tramning gaplari, odatdagidek, sodda, xalqchil va ochiqligi bilan quloqqa yoqimliroq eshitilgan bo’lsa-da, to’g’ri va asosli gaplarni gapirish bo’yicha Bayden ustunlik qildi.


Manba: Behzod Mamadiev

https://t.me/uzbekgreencard