Get Mystery Box with random crypto!

Odamlarning najoti internet bo‘lib qoldi. Meni bir narsa o‘yl | Isroil Tillaboyev blogi

Odamlarning najoti internet bo‘lib qoldi.

Meni bir narsa o‘ylantiryapti. 18 aprelda jinoiy ish ochilibdi, voqea esa 14 aprelda bo‘lgan ekan. Bosh prokuratura yaxshiyam insof qilib voqea qachon bo‘lganiniyu, ish esa qachon ochilganini aytib o‘tib ketibdi. Nahot shu kungacha u o‘qituvchilarning o‘zlari yoki oila aʼzolari uchastka noziriga yoki boshqa tegishli masʼullarga arz qilmagan?

Men ishonmayman bunga, arz qilgan deb o‘ylayman. Lekin balki anavi mushtumzo‘rning kuchi yoki “iltimosi” bilan bu ish ochilmay qolgan va yoki keyinchalik ham ochilmaydigan bo‘lgandirki, voqea aks etgan videoni oxirgi najot sifatida internetga joylashmoqda. Shundan so‘nggina mushtumzo‘r qo‘lga olindi, jinoyat ishi ochildi, ish nazoratiga olindi.

Savol tug‘iladi-da, agarda video internetga chiqarilmaganda nima bo‘lardi? Shunday jirkanch ish jazosiz qolib ketardimi? Voqea yaxshiyam kameraga tushib qolgan, tasavvur qilyapsizmi endi, agar shu vaziyatda, 4 kundan buyon bosdi-bosdi qilinib turgan ishda mana shunday kuchli dalil bo‘lmaganda nima bo‘lardi? Bu haqda o‘ylashga ham qo‘rqasan kishi.

Agar qonunlar belgilangan tartibda ishlaganida, mushtumzo‘rga tegishli jazo berilib, jabrdiydalar himoya qilinganda edi, video internetga chiqishigayam, jamoatchilikning junbushga kelishigayam hojat qolmasdi.

Xullas, tergov jarayonida mahalla uchastkavoyidan tortib barcha masʼullarning harakati (harakatsizligi) tekshirilishi kerak. Ular adolatli bo‘lishmas, xalqning ichiga kirib ishlamas ekan, odamlarning oxirgi najoti yana internet bo‘lib qolaveradi!