Get Mystery Box with random crypto!

Dok-1 Maks siropi o‘rganish natijalari: Jinoyat alomatlari mav | O'zbekiston shifokorlari

Dok-1 Maks siropi o‘rganish natijalari: Jinoyat alomatlari mavjud, barcha mas’ullar ishdan olindi, materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi

Samarqand shahrida Dok-1 Maks dori vositasini qabul qilish natijasida bolalarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabar bergan edik.

Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan maxsus ishchi guruh a’zolari tomonidan joyiga chiqqan holda xizmat tekshiruvi o‘tkazildi.

Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositaci mamlakatimizda 2012 yildan ro‘yxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. Yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilingan.

Tekshiruv jarayonida mamlakatimizda o‘tkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida o‘lim holati aniqlandi.

Vafot etgan bolalar stasionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga me’yoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.

Barcha bolalarga preparat shifokorlar reseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda parasetamol bo‘lgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab bo‘lgan.

Vaholanki, parasetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori bo‘lgandagina kuniga 1 yoki 2 marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati me’yorida bo‘lganda ushbu dori vositasini iste’mol qilish qat’iyan man etiladi.

Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator o‘rganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham ko‘rsatdi. Ushbu modda zaharli bo‘lib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy o‘zgarishlarni, ya’ni qusish, xushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.

Vazirlik ishchi guruhi o‘rganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari e’tiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va bee’tibor munosabatda bo‘lgani, bolalar o‘limi tahlilini o‘z vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni ko‘rmagani uchun 7 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

To‘plangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari yurtimizdagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan. O‘rganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati masalasi Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida Hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Shu o‘rinda vazirlik ota-onalardan farzandlari salomatligiga befarq bo‘lmasliklarini, dorixonalardan faqat shifokor resepti bilangina dori vositalarini xarid qilishlarini so‘rab qoladi.

Manba: SSV

Kanalimiz @Doctors_Uzbekistan