Get Mystery Box with random crypto!

#subyektiv_fikr Menimcha ijtimoiy tarmoqlardaki maktablarda fi | Diyorbek Egamov

#subyektiv_fikr
Menimcha ijtimoiy tarmoqlardaki maktablarda fizika va kimyo fanlarini dars jadvalidan olib tashlash to'g'risidagi muhokamalar haqida ko'pchilik eshitgan bo'lsa kerak. Bu o'zgartirishni amalga oshirishdan ko'zlangan maqsad maktab o'quvchilari zimmasidagi akademik yuklamani kamaytirish deb aytilmoqda. Shu mavzuga o'z munosabatimni bildirishga qaror qildim va umumiy o'rta ta'limni tugatgan shaxs sifatida bu borada o'rinli fikr bildira olaman deb o'ylayman.

Shaxsan o'zim kimyo fanini normativ darajasida o'zlashtirmaganimdan hozirdanoq afsuslanaman, chunki o'qiyotgan sohamdan qat'iy nazar kimyo kursini olishim kerak. Ammo men bunga meni o'qitgan kimyo o'qituvchilarimni aybdor qilishga haqqim yo'q. Sababi birinchi maktabimdagi va prezident maktabidagi kimyo fani o'qituvchilarim o'z fanlarining mutaxassislari edi. Shuning uchun ham bu fanni yetarlicha o'zlashtirmaganimga faqat o'zim aybdorman.

Aslida kimyo va fizikani o'rganish oddiy odamlar uchun qanchalik muhim? To'g'ri, hamma ham olim yoki fan nomzodi bo'lmaydi lekin har bir inson hayoti davomida o'zi uchun turli ko'nikmalar orttirib boradi. Xususan, yuqoridagi fanlar insonda tanqidiy fikirlash, o'xshash holatlarni bir biriga bog'lash va qonuniyatlarni anglash kabi ko'nikmalarni rivojlantirishda yordam beradi. Bundan tashqari ushbu ikkita fan atrofdaki olamni va sodir bo'layotgan hodisalarni tahlil qilib ulardan to'g'ri xulosa chiqarishni o'rgatadi. Bir so'z bilan aytganda, o'quvchi kimyo va fizikani o'rganish orqali kimyoviy va fizik hodisalar haqida bilim olishdan ko'ra ancha ko'proq narsaga erishadi.

O'quvchilar yelkasidagi yuklamaga keladigan bo'lsak, bu yuklamaning asosiy sababi darslardan keyingi repititor mashg'ulotlari deb o'ylayman. Sababi hozirgi kunga kelib oliy ta'lim muassasalariga qabul qilinishni xohlovchi yoshlarning deyarli hammasi repetitorlarga qatnaydi va o'sha mashg'ulotni maktab dasturidan muhimroq deb hisoblaydi. Menda ham huddi shu tamoyil amal qilardi. Agarda maktablardagi ta'lim sifati oshsa va bunga o'quvchilar va ularning ota-onalari ishonch bildirsa repititorlarga borishdan ma'no qolmaydi va ta'lim tizimi aslida ham huddi shunday bo'lishi kerak nazarimda. Ya'ni maktabda yaxshi yoki a'lo bahoga o'qiydigan o'quvchi hech qanday repetitorsiz o'z bilimiga loyiq oliygohga imtihon orqali kira olishi lozim.