Get Mystery Box with random crypto!

Ba’zi holatlar ko‘ngilni juda xira qiladi… Yo‘llarda sodir bo | Dilnur A'zamov

Ba’zi holatlar ko‘ngilni juda xira qiladi…

Yo‘llarda sodir bo‘layotgan avtohalokatlar oqibatida kuniga kimdir hayotdan ko‘z yumayotganligi odatiy yangilikka aylandi. Bu holat har kuni sodir bo‘lyapti.

Shundog‘am ahvoli havas qilarli darajada bo‘lmagan jamoat transporti bilan sodir bo‘lgan voqea ham muammoning uchini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.

Samarqand shahridagi jamoat transporti, xususan avtobuslar 100 % xususiy qo‘llarda ekanligi yaqinda transport boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlangan edi. Tadbirkorlar yo‘nalishlarda yurgan avtobuslarni kredit mablag‘lari evaziga xarid qilishgan. Pandemiya davrida ko‘pgina yo‘nalishlardagi avtobuslar kredit qarzdorligini qoplash maqsadida sotib yuborilgan. Ayni vaqtda yo‘nalishlarda harakat qilayotgan avtobuslarda ham birinchi darajali maqsad – kunlik to‘lov rejasini bajarish, aholiga sifatli, qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatish emas. (Fikrga e’tiroz bildiruvchilar bo‘lsa, marhamat qilib hech bo‘lmasa bir kun avtobusdan foydalanib ko‘ring, kuzating!)

Jamoat transporti shahar aholisining muhim bazaviy ehtiyojidir. Undan foydalanuvchilarning asosiy qismini o‘rta va kam daromadli aholi, shu jumladan yoshlar (o‘quvchi va talabalar) tashkil etadi (Shu yerda aytish kerakki, yoshlarga aynan qulay transport infrastrukturasi ko‘proq kerak, dabdabali forumlar emas).

Yana bir narsani alohida ta’kidlash lozim, jamoat transportida samarali boshqaruv tizimi tashkil qilinganligining o‘zi so‘roq ostidagi masala. Xususiy tadbirkor qo‘lida biznes obyektiga aylangan tizimga Transport boshqarmasi, ya’ni davlat tomonidan faqatgina tavsiyaviy ko‘rsatmalar beriladi xolos.

Vaziyat bu tarzda davom etmasligi kerak. Rivojlangan transport tizimiga ega bo‘lgan ko‘plab shaharlarda, shu jumladan Berlin, Parij, Varshava va Madridda jamoat transporti budjetdan subsidiyalanadi. Bizda ham jamoat transportining samarali ishlashiga erishilishi uchun yana qanchadir yildan keyin emas, balki tezroq subsidiyalash tartibi yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Bundan tashqari, Transport boshqarmasi huzurida jamoat transporti haydovchilari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Chunki yangi avtobuslar olib kelinishi va yangi yo‘nalishlar tashkil qilinishi bilangina hozirgi muammolar hal bo‘lib qolmaydi. Mutaxassislar (sotsiologlar, iqtisodchilar va hk.) jamoat transporti foydalanuvchilari hamda xizmat ko‘rsatuvchilari orasida chuqur tadqiqot o‘tkazishi va tavsiyalar ishlab chiqishi kerak. Olingan natijalar asosida ratsional qaror qabul qilish imkoniyati oshadi.