Get Mystery Box with random crypto!

Homilaning birinchi qimirlashi qanday bo’ladi Ko’pgina hollard | Dilfuzashifo

Homilaning birinchi qimirlashi qanday bo’ladi
Ko’pgina hollarda homila harakatlanishida ayol kichik silkinishlarni his qiladi. Ammo homiladorlikning dastlabki bosqichlarida ular yaqqol ifodalanmaydi. Qoida tariqasida, harakatlar homiladorlikning 19-21 haftalaridan boshlab aniq his etila boshlaydi.
Homilaning birinchi marta qimirlashi paytida ayol boshidan kechirgan tuyg’ularini tasvirlash juda mushkul. Ba’zi onalar bu hissiyot ichak peristaltikasining kuchayishi bilan o’xshashliklarga ega ekanligini ta’kidlaydilar. Boshqa ayollarning aytishicha, chaqaloqning harakati kapalakning qanot qoqishi, buyumlarning yumalashi yoki baliqning suzishini eslatadi. Qanday bo’lmasin, bunday his-tuyg’ular ona uchun mutlaqo og’riqsizdir va homiladorlikning butun davomida noqulaylik tug’dirmaydi.
Homilaning o’sishi sayin ayol harakatlarni aniqroq his qila boshlaydi. Homila qay darajada faol qimirlashi kun vaqti, onaning harakatlari va uning fiziologik ritmlariga bog’liq.
Har bir ayol organizmining individualligini hisobga olganda, homilaning birinchi harakatlari va ularning boshlanish sanasi o’rtacha olingan ko’rsatkichlarga mos kelmasligi mumkin.
Shunisi e’tiborga loyiqki, birinchi homiladorlikda harakatlar ikkinchi va undan keyingi bora homilador bo’lgan ayollarga nisbatan ancha kechroq boshlanadi. Buning sababi, birinchi marta homilador bo’lgan ayollarda bachadon devorlarining sezgirligi ancha past bo’ladi.
Homila harakatlarining tabiati
Qiziq fakt — embrion birinchi marta homiladorlikning yettinchi haftasida harakatlana boshlaydi. Biroq, bu harakatlar shunchalik zaifki, ona ularni sezmaydi. Agar ayol homiladorlikning yigirma haftaligida homilaning harakatlarini sezmasa, shifokor chaqaloqning normal rivojlanishiga ishonch hosil qilish uchun unga ultratovushli tekshiruvdan o’tishni maslahat berishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ortiqcha tana vazniga ega bo’lgan ayollar homila qimirlashini juda zaif his qilishlari mumkin va aksincha, ozg’in ayollar harakatlarning aniq ifodalanishini qayd etishadi. Bundan tashqari, bu homilador ayolning faolligiga ham bog’liq. Harakat paytida homilador ona chaqalog’ining nozik harakatlarini sezmay qolishi mumkin. Demakki, to’liq dam olish holatida, ayol bolaning harakatlarini sezish uchun ideal imkoniyatga ega.
Homiladorlikning 28-haftasida homilaning harakatlanish tezligi oshadi. Bu vaqtda, homilador onalar chaqaloqning deyarli doimiy ravishda qimirlashlarini sezishlari mumkin. Ona o’zi va homilasining biologik soatlari bir-biriga mos kelishi uchun homila faolligini nazorat qilishni o’rganishi kerak.
Agar homilador ayol tasodifan anatomik nuqtai nazardan noto’g’ri holatni egallagan bo’lsa, homila to’satdan keskin harakatlar qilishni boshlaydi. Odatda bu ayol chalqancha yotganida yoki bir oyog’ini ikkinchisiga chiqarib o’tirgan holatida sodir bo’ladi. Qoida tariqasida, bunday noto’g’ri holat o’zgartirilganda, homilaning tepinishlari to’xtaydi. Ammo, agar harakatlarning soni bir necha soat ichida pasaymagan bo’lsa, ayol homilada gipoksiyani istisno etishi uchun shifokorga murojaat qilishi zarur.
Homilaning ko’p qimirlashi
Homilaning juda kam yoki juda tez-tez harakatlanishi ba’zi muammolar mavjudligidan dalolat berishi mumkin.
Homiladorlik muddati 24-haftaga yetganida, homila soatiga 15 martagacha harakat qilishi mumkin. Biroq, ba’zida harakatlar bir necha soatga to’xtaydi, bu bo’lajak onani bezovta qilmasligi lozim, chunki bu vaqtda chaqaloq shunchaki uyquga ketgan bo’ladi. Agar homila 12 soat davomida umuman qimirlamasa, bu tibbiy yordamga murojaat qilish uchun sabab sanaladi.
Agar harakatlarining tabiati va soni qandaydir darajada o’zgarganligini sezilsa, bu holda ham akusher-ginekolog bilan bog’lanish kerak. Homila faolligidagi ilgari kuzatilmagan har qanday o’zgarish onani sergak torttirishi kerak.
Homilaning harakat qilish tezligini ishonchli baholash uchun maxsus Pirson testi mavjud. Bunda homiladorlik muddati 32 haftadan oshgandan so’ng, ona homilaning har o’ninchi harakati vaqtini muntazam ravishda qayd qilib borishi zarur.