Get Mystery Box with random crypto!

KONSTAning klipini bir necha marta koʻrib, ulashishdan avval o | Dengiz ortidan

KONSTAning klipini bir necha marta koʻrib, ulashishdan avval oʻylanib yurdim.

Oila a’zolarim va atrofdagilarimdan munosabatlarini soʻradim.

Trekka KONSTAning oʻz hayotiy hikoyasi asos boʻlgan. U esa Rossiya bilan bogʻliq. Allaqachon koʻpchiligimiz sir emaski, Rossiyadagi “mehmon ishchilar”imiz turish-turmushi juda ogʻir. Buni qaysidir momentlarda Koreya va Turkiyada muhojir boʻlishga nisbatan ham aytish mumkin.

Toʻgʻrisi, oʻzim “Oʻzbekistonlik” loyihasiga jalb qilingan boʻlsam ham, hatto uning gʻoyasi 2019- yilda paydo boʻlganidan beri kuzatsam ham, klipga kichik e’tirozim bor: Sharif aka oʻzi ham bilganidek, oʻsha qiyinchiliklarga toʻla musofirchilikdan yorib chiqish goʻzal bir fantaziya, san’at asari uchun zoʻr gʻoya, ammo real vaziyatda buning iloji koʻp emas, hamma ham oxirigacha kurasholmaydi. Boz ustiga, katta peer pressure (atrofdagilarning bosimi) bor.

Lekin… Lekin men deyarli 3 yil Amerikada yashadim. Yuz minglab oʻzbeklar okean ortiga intilayotganining sabablaridan biri ham, nafsilamr gapni aytganda, bu u yerdagi osonchilikdir. Oyiga 2 ming dollar va undan koʻp orttiradigan yigitlar kuniga 8 soat ishlardi. Ammo doim zoʻr ovqatlanib, mashinalarda (hatto Lexus, BMW, Wolksvagen va Acuralarda) yurishga imkoniyat bor edi.

AQShda konsyumerizmga (iste’molga berilish) yoʻl ochilgan. Devayslar boʻyicha ham, kiyim-kechak boʻyicha ham oddiy taksi haydovchisi yoki ovqat tashuvchi bemalol pulni bebiliska sarflashi oson edi va buni koʻp oʻzimda va oʻzimga oʻxshagan immigrantlarda kuzatganman.

Men bu qoʻshiqni AQShdagi oʻzbekistonliklar eshitishi kerak deb oʻylayman. Ularning ozchilik boʻlmagan bir qismida, oʻzi umuman biz oʻzbeklarda, shunday odat borki, biz oʻzimizning katta imkoniyatlarimizga ishonmaymiz, oʻzimizni yerga uramiz, qisqa muddatda pul topishni oʻylab, katta ishlar qilishimizga asos boʻladigan yoshlik yillarimizni qurbon qilamiz.

“Amerika — imkoniyatlar mamlakati” deyilganda oyiga 10 ming dollar pul topish emas, millionlab dollarlik kompaniyalar qurish ham nazarda tutilishi mumkin. Oxirgi 32 yil ichida oʻzbekistonliklar AQShda birorta ham milliard dollarli (yakkashox) kompaniya bunyod qilmadi, deyarli hech bir transmilliy korporatsiyada global darajada rahbarlik lavozimiga koʻtarilmadi, AQShdagi TOP universitetlarda vatandoshlarimizning salmogʻi juda kam.

Hind, pokistonlik, mongoliyalik va xitoy millatiga mansub odamlar ichida yiliga 1 million dollar oladigan mutaxassislar bor, masalan. Mana bizdan hech qursa bitta odam loyiq boʻlgan imkoniyat! Bu pulni topish uchun oyiga 10 ming dollar topadigan trak haydovchisi 8,5 yil tinmay ishlashi kerak. Sogʻligʻi evaziga, katta ehtimol bilan.

Qoʻshiqdan 10ga yaqin iqtibos qoʻshishim mumkin edi, lekin qaysi birini tanlashga ham ikkilandim. Oʻzbekistonliklar hammasini uddalay oladi. “Sen oʻzbeksan, sening ishing shu” deb chegara qoʻyishlariga yoʻl qoʻyib bersak, “oʻzimizga ishonmasak, hech kim bizga ishonmaydi.”