Get Mystery Box with random crypto!

#sheriyat MAHZUNLIK Bugun manzilimiz o'zga-o'zgadir, Yashaym | Dardli satrlar & she'rlar

#sheriyat

MAHZUNLIK

Bugun manzilimiz o'zga-o'zgadir,
Yashaymiz men boshqa, sen boshqa bilan.
Hech kim sezmaydi butkul birgadir
Zohirda ajralgan biz yurgan olam.

Lekin men bilaman, hali hanuz to
Yashayotganimni kipriklaringda.
Sayr aylab yurganim bir o'zim tanho
Muhabbat atalmish ko'priklaringda.

Bilaman ko'zlaring ummonlarida,
Sho'ng'iblar ketgan bir og'ir toshim bor.
Sezaman, hislaring osmonlarida
Bulutlar yashirgan g'o'r quyoshim bor.

Sertanho kechalar ko'z yoshing tinmas,
Gunohkor xayollar surib chiqasan,
Bilaman, tushingda yoningdaginmas,
Mening nigohimni ko'rib chiqasan.

Bugun manzilimiz o'zga bo'lsa ham,
O'tmish bir kulbada qovushgan go'yo.
Hech kimga bildirmay qurib olganmiz
Bu dunyo ichida yana bir dunyo.

Ko'rishmasak hamki, endi umrbod,
Bilaman, baribir birga yashaymiz.
Bu g'alat tuyg'uki, so'ramas isbot-
Hamma bilib bo'lgan sirga o'xshaymiz!!!

Xayrulla Hamidov