Get Mystery Box with random crypto!

Had Bizni qay shamollar etdi yuzma-yuz, Qaysi sukutlar-la qil | Qalbingni asra

Had

Bizni qay shamollar etdi yuzma-yuz,
Qaysi sukutlar-la qildik ahd-paymon,
Rost bo'lsa, osmondan umidingni uz -
Lek yerda yashash ham bo'lmaydi oson!

Endi, o'zingniki emassan, essiz,
Sochdan tirnoq qadar ishqqa tovunsan.
"Yomonsiz", - deb yaxshi ko'rasan, so'zsiz,
She'rimni o'qiysan,
     meni sog'insang.

Ayro bo'lmoqlikdan ayromiz, shoyad,
Shukrkim, toq dunda toq emasman men,
Sensiz baxtiqaro edim bag'oyat,
Va haliyam baxti
   oq emasman men!

Hali ulguramiz yonib-kuyishga ,
Bedorlik baxtini ko'ramiz baham!
Haddim yo'q Xudodan ortiq suyishga,
Haqqim yo'q ortiqroq
suydirishga ham!

Rashid Xo'jamov
15-yanvar, 2020-yil