Get Mystery Box with random crypto!

Erkinlik Erkinlik - yig'laging kelgan mahalda, Yig'lamaslik a | Bugun-

Erkinlik

Erkinlik - yig'laging kelgan mahalda,
Yig'lamaslik asli kimdirni o'ylab.
Erkinlik - Sog'insang uni agarda,
Ko'zingni chirt yumib yashash ataylab.

Erkinlik - muhabbat ko'zingdan toshib,
So'zlaring bo'g'zingda qotgan mahali.
Balki tug'ilmagan hali erkinlik,
Balki yaralmagan erkinlik hali.

Erkinlik- ko'ksingda og'riqlar bilan
Kimgadir baxt berib yashash lahzasi.
Erkinlik- seningcha, gunohga botmoq -
Fir'avnning kechikib qilgan tavbasi.

O, mening nazdimda, erkinlik tamom
Boshqa qiyofada. Boshqa shaklda.
Tafakkur ojizlik qilgan har neni
Topshirib qo'ymoqlik faqat ko'ngilga.

Erkinlik- kimningdir qalbini o'ylab,
Ayta olmaganing istaganingni.
(Erkinlik deyishing mumkinmi, axir,
Birovning bag'rini tig'laganingni!)

Erkinlik- yashash va qalbning tartibi.
Dunyoga tozaroq boqish paytidir.
Qo'lingdan kelsa gar, o'ksigan dilga
Umring yetgunicha yolg'on aytib ber.

Erkinlik - har neni qilmoqlik emas,
Erkinlik- nafsingni bo'g'zidan tutmoq.
Erkinlik- odamlik shaklida kelib,
Dunyodan odamlik shaklida o'tmoq.