Get Mystery Box with random crypto!

Rossiyaning «Tambov» klubi o‘zbekistonlik Jasur Jaloliddinovni | BU FUTBOL! |RASMIY KANAL

Rossiyaning «Tambov» klubi o‘zbekistonlik Jasur Jaloliddinovni RPL musobaqalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya Premer-Ligasi rasmiy saytida ma’lumot paydo bo‘ldi. «Tambov» futbolchini 14 oktyabr sanasi bilan ro‘yxatdan o‘tkazgan.

«Tambov» RPL 11-turini Volgogradda «Rotor»ga qarshi o‘tkazadi. Bu jamoada o‘zbekistonlik Maksim Shatskix yordamchi murabbiy bo‘lib ishlaydi.18 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadigan o‘yinda Jasur Jaloliddinov debyut qilishi mumkin. Agar maydonga tushsa, bu Jaloliddinov uchun RPL bahslaridagi birinchi o‘yini bo‘ladi.

Jaloliddinovning transfer huquqi Moskvaning «Lokomotiv» klubiga tegishli va u 18 avgust kuni «temiryo‘lchilar» safida RPL qaydnomasiga kiritilgan edi. 19 sentyabr kuni RPL qaydnomasidan chiqarilgan Jaloliddinov «Lokomotiv»ning asosiy jamoasi bilan mashg‘ulot o‘tkazishda davom etdi. Klubdagi legionerlar soni ko‘pligi sabab «Loko» 18 yoshli futbolchini ijaraga berishga qaror qilgan. RPL turnir jadvalida 13-o‘rinda borayotgan «Tambov»da Jaloliddinov 7-raqamda o‘ynaydi.

«Bunyodkor» futbol klubi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Jasur Jaloliddinov 2002 yil 15 mayda tug‘ilgan. U 350 ming yevro evaziga «Bunyodkor»dan «Lokomotiv»ga o‘tgan va 5 yillik shartnoma imzolangandi. Jaloliddinovning «Tambov» bilan ijara shartnomasi 2020/21 yilgi mavsumi yakuniga qadar mo‘ljallangan.