Get Mystery Box with random crypto!

​​#review 'Finlandiya ta'lim mo‘jizasi' Timoti Uoker | BOOKTOPIA

​​#review

"Finlandiya ta'lim mo‘jizasi"
Timoti Uoker

"O‘qimaydigan o‘quvchi bo‘lmaydi, faqatgina o‘qita olmaydigan ustoz bo‘ladi"

Yuqoridagi so‘zlarni ancha yillar oldin bir professorning matematika kitobiga yozgan kirish so‘zida o‘qigan edim. O‘sha vaqtdan beri agar ustoz mohir pedagog bo‘lsa eng yomon, o‘qimaydigan o‘quvchini ham o‘qita olishiga ishonaman. Pedagogik faoliyatim davomida ham shu qoidaga doim amal qilim kelganman, sinfdagi eng yomon o‘quvchini ham o‘qitishga intilganman, yuqori malakali ustozlar bilan "tubdan bo‘lmasa turtib bo‘lmas" deganlari uchun ham ko‘p bahslashganman, demak bugun shu xususida gaplashamiz.

Ko‘pchilikka ma'lumki Finlandiyalik o‘smirlar 2004-yil PISA testida birinchilikni qo‘lga kiritishganidan so‘ng fin ta'lim tizimi shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari finlandiyalik ustozlarning metodlarini jar solib maqtasha boshlashdi va natijada ko‘pchilik bu ta‘lim tizimini o‘z davlatlariga moslashga harakat qilishdi. Biroq ta'lim bir ko‘chat kabimishki, ul havo, suv va quyoshni tanlaganidek, fin ta'lim tizimini shunchaki ctrl+c qilish imkonsiz edi. Shuning uchun qator mutaxassislar fin ta'lim tizimini o‘z davlatlariga moslashtirishga urinishdi va ijobiy natijalarga erishishni boshlashdi.

Timoti Uoker ham dastavval AQShning davlat va xususiy maktabidagi faoliyatidan so‘ng Finlandiyaga ishga joylashgani va bunday ta'lim muhitiga ko‘nikishi uchun unga ancha vaqt, deyarli bir yil vaqt sarflaganini yozadi. Finlandiyada o‘quvchilarga juda ko‘p tanaffus berilar, tanaffusda ular dars bajarishmay o‘yin-kulgu qilishar, o‘smir yoshdagilar shunchaki zalda oyoqlarini devorga suyab gap sotishar, uyga vazifani qilish o‘rniga futbol tomosha qilishar, darsda tez zerikishar, uyga birinchi sinf o‘quvchilari ham yolg‘iz o‘zlari ketishar va ustozlar ham ularga befarq, buni odatiy holdek qabul qilishardi, lekin shunga qaramasdan ularning bilim darajasi qolgan tengdoshlari(boshqa mamlakatdagi)nikidan baland edi.

Timoti qanday qilib fin ta‘lim tizimiga erishish mumkinligi haqida so‘z yuritadi va buning 33 usulini taklif etadi. Bundan uch oy oldin maktabdagi yagona sariq(qoloq) sinfga dars o‘tish mening gardanimga yuklandi. Xususiy maktabda ishlaganim bois darslar 45 daqiqa emas, 1 soatdan bo‘lar va bolalar juda tez zerikib qolishar edi. Keyin ushbu kitobdagi metodlardan foydalnishni boshladim, kirishim bilan ularni raqsga tushirar, o‘zlarining maktab hayotidan bir shingil eshitib darsni boshlar va ularni dars qilishga majburlamas edim. Dastlab bu metod ish bermaydigandek ko‘rindi, keyinchalik o‘qimaydigan o‘quvchi ham o‘qimasam menga e'tibor bermas ekan deb uyga vazifalarni tayyorlab yoki ko‘chirib keladigan bo‘ldi. Natijada esa sinf samaradorligi uch oy ichida 48% dan 68 % gacha ko‘tarildi. Bu fin ta‘lim mo‘jizasining amalda isboti edi.

Xullosa qilib aytganda agar siz o‘qituvchi bo‘lsangiz va o‘quvchingiz o‘qimayotgan bo‘lsa, demak ayb sizda. Biroq siz talaba bo‘lsangiz-u, ustoz dars o‘tolmayapti desangiz, unda ham ayb sizda. Chunki inson ayb birinchi o‘zidan axtarishi kerak. Barchaga yoqimli mutolaa tilab, hurmat va ehtirom ila S.N.K

P.s: 2023-yil o‘qilgan o‘n sakkizinchi kitob
#photo_by Santuagara