Get Mystery Box with random crypto!

Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam Munchoq ko‘zi shiftga bo | BOLA PARVARISHI

Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam

Munchoq ko‘zi shiftga boqib yotgan bolam,
Nigohida achchiq savol qotgan bolam,
Murg‘ak joni o‘lim ta’min totgan bolam,
Keng dunyoni ko‘zimga tor etgan bolam,
Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam.

To tomirda shayton qoni oqar ekan,
Dori deya ichganing naq zahar ekan,
Tili chiqmay, arshga ohi yetgan bolam,
Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam.

Kechagina yurgan eding o‘ynab-kulib,
Bir lahzada gulday yuzing qoldi so‘lib,
Ayt, qo‘limdan nima keldi otang bo‘lib?
To qiyomat bag‘rimni chok etgan bolam,
Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam.

Kimdir yordam berarmi deb giryonasan,
“Qanday ayb ish qildim”, deya hayronasan,
Ajalningmas, sen biznesning qurbonisan,
Sovuq kunda sovuq qabr yutgan bolam,
Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam.

Yo‘q, kechirma dorifurush qalloblarni,
Vijdonini pulga sotgan jalloblarni,
Ochko‘zlarni, sullohlarni, kazzoblarni,
Butun yurtning yoqasidan tutgan bolam,
Dorisi yo‘q jannatlarga ketgan bolam.

Kanalga ulanish @Pediatric_uz

Telegram | Instagram | Facebook