Get Mystery Box with random crypto!

Biroz e'tiborli bo‘lsangiz kifoya Genri Ford shirkatidagi kat | Bobur Hoshimov — Blog

Biroz e'tiborli bo‘lsangiz kifoya

Genri Ford shirkatidagi katta bir lavozimga nomzod bo‘lgan ikki kishi bilan birga ovqatlandi. Nomzodlarning ikkalasi ham bitta univesitetni bitirgan edi. Ikkovining ham ish tajribasi deyarli bir xil edi.

Ular ovqatlanib bo‘lgach, birga oshxonadan chiqishdi. Genri Ford ulardan biriga ertadan kelib ishni boshlashi mumkinligini, boshqasiga esa uzr aytib, uni o‘z komandasiga ololmasligini aytdi. Shunda ishga olinmagan yigit jur'atini to‘plab so‘radi:
- Uzr so‘rayman, bitta savol so‘rasam bo‘ladimi?
- Marhamat!
- Biz ovqatlanish paytida muhandislik haqida, avtomobil haqida yoki universitet haqida gaplashmadik. Umumiy gaplarni gaplashdik xolos. Do‘stimni ishga olib meni ishga olmaganingizga sabab nima?

Genri Ford dedi:
- Buning ikkita sababi bor:
Birinchisi, do‘sting go‘sht bo‘lagini totib ko‘rib so‘ngra tuz sepdi. Sen esa oldin tuz sepib so‘ngra yeb ko‘rding. Men narsalarni o‘zgartirishdan oldin sinab ko‘radiganlarni yaxshi ko‘raman. Ikkinchisi, do‘sting ofisiantga odob bilan muomala qildi. "Rahmat", "uzr" kabi so‘zlarni ishlatdi. Sening nazdingda esa ofisiant go‘yo yo‘qday edi. Sen faqat menga nisbatan odobni namoyon qilding. Yaxshi boshliq mansabida turganida yaxshi taassurot qoldirishi lozim. U hamma bilan go‘zal muomalada bo‘lishi kerak!
Kichik hatti-harakatlar ko‘p narsadan xabar beradi. O‘zgalarni tanish uchun ularning ichiga chuqur kirish shart emas.

Bir mashinada o‘tirsangiz qisqa muddatda haydovchi haqida, uning shaxsiyati, odobi, qaror chiqarish uslubi, natijalarga baho berishi haqida xulosa qila olasiz. Biroz e'tiborli bo‘lsangiz yetadi!

Faqirga sadaqa qilayotgan boyning harakati uning shaxsiyati haqida sizga xabar beradi. Kibr bilan sadaqa qilishdan ko‘ra odob bilan uzr aytish yaxshiroqdir. Nima taqdim qilish emas, qanday taqdim qilish ahamiyatliroqdir. Kishilar gohida riyo qilishi mumkin. Ammo uzr so‘rash odobi insonni fosh qiladi!

Er-xotinning birga yurib ketayotganini ko‘rib ularning o‘zaro aloqasi haqida xulosa qilish mumkin.
Otaning o‘z farzandlariga gapirayotgan ohangidan uning tarbiya berish uslubini aniqlab olish mumkin.

Kishi suhbat qilayotganida ehtimol uning qanaqa diplomi borligini bilmassiz, ammo fahm va farosati haqida ma'lumotga ega bo‘lishingiz tayin!
Kelin qilmoqchi bo‘lgan qizingizni ota-onasiga qiladigan muomalasidan, kichik bolachalarga qilayotgan muomalasidan kimligini, axloqini va qadriyatlarini aniqlab olsangiz bo‘ladi!
Biroz e'tiborli bo‘lsangiz kifoya!

Abdulqodir Polvonov