Get Mystery Box with random crypto!

Kim o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi.          | ☆BEMINNAT SAVOLLAR☆

Kim o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi.

                  (Jorj BAYRON, ingliz shoiri)

Anchadan beri Vatan haqida yozishga urinaman. Biroq, hech narsa chiqmayotganga o‘xshaydi. Qoralamalarim qoralama holida qolib ketaveradi. O‘ylasam, Vatan haqida yozish juda qiyin ekan. Negaki, Vatan bizga Alloh tomonidan berilgan eng buyuk ne'mat bo‘lib, u haqda har qancha yozsang ham yana qaysidir jihatlari qolib ketayotganday, go‘yo misralar ojiz, rangsiz, g‘aribday tuyulaverarkan. Vatan haqida aytmoqchi bo‘lganlaring esa, behisob. Shunchalar ko‘pki, hisobdan adashib ketasan kishi...
Xalqimiz odatda Vatan so‘ziga Ona so‘zini qo‘shib talaffuz qiladi: Ona vatan. Bu Vatanning onaday aziz, mehribon, jonkuyarligiga ishora bo‘lsa kerak-da. Axir inson uchun onadan azizroq kishi bormi? Jismu jon ato qilib, yana boshimizda tunlarni bedor o‘tkazgan zotdan, a? O‘ziga bori zahmatlarni olib, rohatni farzandiga ilinganini ta'riflashga har qancha "mehribon" degan so‘z kamlik qilmaydimi? O‘zga jon uchun, uning baxti, kamoli, ertangi kuni deb kerak bo‘lsa, o‘z jonidan ham kechadigan yana kim bor olamda?! Aslida esa, mana shu tuyg‘u, tasavvur, rishta, shuncha mehrning hammasi Vatanning bir parchasi, bir bo‘lagi xolos...
... Vatanga muhabbat so‘zda emas, amalda isbot qilinadi, deydilar. Demak, har birimiz uni sevish barobarida ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, e'zozlashimiz, turli zararli g‘oya va nag‘malar oldida hamisha hushyor turishimiz, bir-birimizni ham shunga da'vat etishimiz lozim. Shundagina Vatandan rizolik topamiz. Mana shu rizolikning o‘zida ne-ne hikmat mujassam. Zero, Vatan – onaday muqaddas ma'vo.

Faxriddin PARPIYeV, jurnalist.