Get Mystery Box with random crypto!

Ba'zi haqiqatlar haqida Meni yaxshi taniydiganlarga ma'lumki | The Introvert

Ba'zi haqiqatlar haqida


Meni yaxshi taniydiganlarga ma'lumki, menda ko‘pchilik adabiyot daholari deb hisoblaydigan Abdulla Qahhor,G‘ofur G‘ulom,Oybek, Izzat Sulton,Uyg‘un kabi yozuvchilarga nisbatan yaxshigina antipatiya bor.O‘qishda,adabiy uchrashuv yoki biron tadbirda kimdir ularni maqtay boshlasa, darrov ensam qotishni boshlaydi.Bugun shuning sabablari haqidagi fikrlarimni bo‘lishmoqchiman.

Meningcha, hammasi ''Qatlnoma'' ni o‘qib tugatganimdan so‘ng boshlangan.Asarda faktlar bilan yuqoridagilar va yana bir qancha biz adabiyotshunos sifatida taniydiganlar darg‘alar uyushgan holda Qodiriyga qarshi ko‘rsatma bergani haqida ma'lumot berilgan.Kitob mutolaasi tugagach,avvaliga ularni biroz oqlashga urundim.
''Axir hayvondan battar tergovchilar ishlatgan qiynoq usullari,ochlik,yaqinlaridan xavotirlanish ularni bunga majbur etgan bo‘lishi mumkin.Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi,ular qanday bosimlarga qolganini bilmas ekanman, ularni nimadadir ayblashga haqim bormi?'' deya o‘yladim.

Biroq, bunday xom o‘ylar bilan o‘zimning qaysarligimni yenga olmadim, chamasi, baribir ularni aybdor sanay boshladim.Zamon tinchigach ham ularning qo‘rqoqlik qilib, xatolarini tan olmaganlari va yetti yot begona bo‘lgan Maqsud Shayxzodaning tergovga bergan so‘rog‘i ham bunga turtki bo‘ldi.Unga umuman begona bo‘lgan odam haqida adekvat fikrlarini aytib balolarga giriftor bo‘lishini bilsa-da,u qo‘rqmadi.Borini aytdi va kutilganidek qamaldi.Begona odam shunday jasorat ko‘rsatib turganda, o‘z ortidagi shogirdlari,zamondoshlari,do‘st deb bilganlari xiyonatiga duchor bo‘lgan Qodiriy ma'nan nobud etilgach,o‘zi jismoniy o‘limini so‘ragan murojaati bilan yuraklilar yuragini zirqiratdi.O‘z e'tiqodidan voz kechmagani,xalqini sotib pullamagani,qolganlar kabi millatni aldashga rozi bo‘lmagani uchun uni yo‘q qildilar.Pechda yoqdilarmi,otdilarmi hatto shu ham ma'lum emas.

Xo‘sh, shunday insonning o‘limiga zarracha bo‘lsa ham sababkor bo‘lganlarni qanday hurmat qilish mumkin?!

Albatta,Abdulla Qahhor hikoyalari va iqtiboslari,G‘ofur G‘ulom she'riyati,Oybek ''Navoiy''si betakror va tahsinga sazovordir, balkim.Buni e'tirof etaman,albatta.Lekin ularning shaxsiyatini kimgadir o‘rnak qilib ko‘rsatishdek riyokorlikni o‘zimdan uzoq tutaman.
''O‘z qahramonlarini taniydigan xalq kuchli bo‘ladi''.Qodiriy, Cho‘lpon,Fitrat Usmon Nosirdek qahramonlari bor xalq ulardan faxrlanishi,ularga munosib bo‘lishga harakat qilishi lozim deb hisoblayman.Ularning millati uchun qilgan ishlari haqida qancha gapirsak oz. Ammo,bobolarini qatl etganlarning qilmishlarini olqishlaydigan,ularga yordam berganlarni buyuklaydigan xalq parokanda bo‘layotganidan darak bo‘lmaydimi?!

Ijtimoiy tarmoqda biron kishi haligilarni o‘rnak qilib yoxud maqtab yozganini ko‘rsam, yuqoridagi kabi gaplarni aytsam, ular darrov xafa bo‘lib qoladilar.Keyin ketidan:
''G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo...'' kabi postlar qo‘ya boshlaydilar.Kechirasizlar-ku,bu aslo g‘urbat izlash emas.Bu oqni oq,qorani qora deyish,rostan bor bo‘lgan haqiqatni aytishdir.
Yana ba'zilar ''O‘zimiz o‘z adiblarimizni yomonlab tursak,oramizdan ola chiqqanini ko‘rgan boshqalar kulmaydilarmi?'' mazmunida ham gap aytadilar.Bularga ''Shaytanat''da Anvar aytgan eshak haqidagi latifani eslatish bilan cheklanaman.O‘sha boshqalar biz qo‘rqoqlarni bolalarimizga maqtab,o‘rnak bilayotganimizni ko‘rganda ko‘proq kuladilar va ularning kulgusini bizga sariq chaqalikda ahamiyati bo‘lishi kerak emas!
Agar haqiqatga tik qarashni boshlamas ekanmiz,cho‘kishda davom etaveramiz.

Bular bilan anavilarning kitoblarini o‘qimaylik, yo‘q qilaylik demoqchi emasman.Shunchaki,ularni maqtaganda,shaxsiyati haqida biroz haqiqatni ham aytishni unutmaylik.Ba'zi haqiqatlar xunuk bo‘lsa-da,butun xalqqa va uning fidoyi farzandlariga daxldor ekanmi,demak,oshkor bo‘lishi va keng muhokama qilinishi kerak.Tarixni o‘zgartirib o‘rgansak,zararni faqat o‘zmiz ko‘ramiz...

Hozirgi yozganlarimning bari shaxsiy fikrlar,xolos.Kimgadir yoqmasa,albatta,qo‘shilmasligi, inkor etishi mumkin.Uzr!

(C). Bedorbaxt