Get Mystery Box with random crypto!

Bugun 3-dekabr — yil yakuniga 28 kun qolmoqda. Yangi yildan O' | Bahrom Irzayev

Bugun 3-dekabr — yil yakuniga 28 kun qolmoqda. Yangi yildan O'zbekistonda lotin yozuviga to'liq o'tishimiz kerak. Yangi yil O'zbekistonda ana shu katta islohot bilan boshlanishi kerak.

Har holda Vazirlar Mahkamasining mana bu qarorida shunday belgilangan.

Ammo qaror bilan tuzilgan "Yo'l xaritasi"ga qarasangiz, unda belgilangan qator rejalar, islohotdan avval qilinishi kerak bo'lgan o'nlab ishlar hali bajarilmaganini ko'rasiz.

Bularsiz lotin yozuvini qanday joriy qilishmoqchi, ochig'i, bilmadim. Masalan,

1. Alifbo belgilangani kabi hali takomillashmadi;

2. "O'zbek tilining imlo qoidalari" ishlab chiqilmadi;

3. Normativ huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari lex.uz'da lotin yozuvida to'la joylanayotgani yo'q;

4. O‘zbek tili alifbosi va imlo qoidalari asosida transliteratsiyaga mo‘ljallangan axborot dasturiy ta'minotlar uchun yagona talab ishlab chiqilmadi va joriy qilinmadi;

5. Internet tarmog‘idagi O‘zbekiston Respublikasi rasmiy veb-saytlarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkazilishi ta'minlanmadi;

6. Mamlakatimizdagi joy, ko‘cha, atamalar, tashkilotlarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e'lonlarning to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta'minlanmadi;

7. Markaziy, mahalliy bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyati to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilmadi;

8. Vazirlik va idoralarning o'zi hali lotin yozuvida to'la ishlayotgani yo'q.

...

Bular qarorga bir qarashda ko'rganlarim, hali ijro etilmagan boshqa rejalar qancha.

Qiziq, Vazirlar Mahkamasi 28 kunda shu ishlarning hammasiga ulgurmoqchimikan? Nahotki? O'tgan ikki yilda qilinmagan ishlar a?

Xo'p, deylik shu vaqtda ulgurilmasa, bu ishlar uchun mas'ul davlat departamenti nima ish qildi? U yerdagi o'nlab xodimlar nima uchun oylik olyapti? Va nihoyat, ulgurilmasa, hujjat o'zi nega qabul qilingandi?!

Agar o'zimizgagina bog'liq bu islohot (Rossiya bu masalada ham peshonamizda turib olmagandir) shu safar ham amalga oshmay qolsa, shu safar ham irodasizlik qilsak va shu safar ham chala ish qilish odatimizga sodiq qolsak, LOTIN YOZUVI masalasida boshqa gapirmasak ham bo'ladi. Demak, bizning hukumatga emas ekan keng, izchil, xalqchil islohot degan tushunchalar. Demak, qo'shnilarimizda bor iroda, qat'iyat bizga berilmagan ekan.

28 kun qoldi...

P.S. Bir narsani tushuning, butun millat masalasi bo'lgan yozuv islohigaki shunchalik befarq qarayotgan ekansiz, boshqa ishlaringiz ham hech qachon muvaffaqiyatli bo'lmaydi. Oxiriga yetmay qolaveradi.

@haqiqatdaIlyos