Get Mystery Box with random crypto!

Kuni kecha O'zbekistonning Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan | Babaeview

Kuni kecha O'zbekistonning Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan hamkorligi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yakuniy qaror qabul qilinib, unga ko'ra O'zbekistonning Ittifoqda “kuzatuvchi davlat” maqomida qo'shilishi O'zbekistonning ommaviy axborot vositalarida keng muhokamaga sabab bo'lmoqda, ba'zilar buni ma’qullasa, boshqalar afsus bilan qarshi olishini ko'rishimiz mumkin.

Albatta, bu qaror to'g'ri, birinchidan - bu biz a'zo bo'ldik degani emas, faqat kuzatuvchi maqomi ostida kiryabmiz. Ikkinchidan - siyosiy bosimga qaramasdan biz qaysidir ma’noda vaqtdan yutamiz.

Endi, iqtisodiy afzalliklar haqida gapiradigan bo’lsak, bu unchalik davlatimizga foyda keltirmaydi. To’g’ri, patent to’lovchilar, eksportning qulayliklari va yana bir qator afzalliklari haqida gapirishyapti siyosatchilarimiz. Meni o’zimni oila a’zolarimdan, qarindoshlarimdan Rossiya davlatida ishlaydiganlari bor, albatta ularga patent to’lamaslik bu plyus - ortiqcha daromad va kamroq byurokratiya. Lekin, o’sha patentga to’laydigan pullarini hammasini O’zbekistonga jo’natadi deyish bu xato.

Eksport yengilliklariga keladigan bo’lsak, bu yerda hozir bir narsa deyish qiyin, chunki oddiy Rossiya - Belorussiya o’rtasidagi tez-tez uchrab turadigan kelishmovchiliklarni bilish kifoya. Albatta, baryerlar qisqartiriladi, balkim shuning ortidan tovar aylanma xajmi ko’payar. Lekin, buni boshqa davlatlar bilan qilsak ham bo’ladi, tashqi siyosatni ishga solib, ko’proq mamlakatlar bilan savdo-sotiqni rivojlantirish kerak. Bundan tashqari MDH erkin savdo kelishuvi a’zosimiz.

Xullas, men umuman olganda vatandoshlarga ko’proq o’zimizda ish o’rinlari yaratib berish, kichik va o’rta biznesni tushunchasini qaytadan isloh qilish tarafdoriman. Soliqlarni kamaytirib, yakka tadbirkorlik bilan shug’ullanmoqchi bo’lganlarga yanada kengroq imkoniyatlar yaratib berish kerak.

P.S. Ittifoqga faqatgina iqtisodiy foyda bo’lsagina kirishni hohlardim - siyosiy emas. Hozirda esa, men shu iqtisodiy foydani ko’rmayapman.

@babaeview