Get Mystery Box with random crypto!

#Эртак #Меҳр #Қаҳр AHMADJONNING SOYABONCHASI Bir shaharda Ahma | AZAMAT QORJOVOV | Rasmiy telegram kanali

#Эртак #Меҳр #Қаҳр
AHMADJONNING SOYABONCHASI
Bir shaharda Ahmadjon degan bola bor ekan. Onasi uy bekasi, otasi idora xodimi ekan. Ular ertalab yomg‘ir yog‘ishidan uyg‘onib ketishibdi.
– Obbo, – debdi ota, – soyabon sotib olmagandim. Endi yomg‘irda rosa ivir ekanman-da!
– Mening soyabonchamni ola qoling, bog‘chaga onamning soyabonida ketamiz, – mehribonlik qilibdi Ahmadjon.
Ota-bola bir-biriga juda mehribon bo‘lib, kechqurun yonma-yon o‘tirib ovqatlanishar, ko‘chada sayr qilishar, rasm chizishar, yakshanba kunlari multfilmni ham birgalikda tomosha qilishar ekan. Uyqudan avval ota ertak so‘zlab berarkan. Bu ertak mehribon ota va aqlli o‘g‘li haqida bo‘larkan. Ahmadjonning tug‘ilgan kunida otasi chiroyli soyaboncha sovg‘a qilgan bo‘lib, bolakay o‘sha soyabonchasini berib turish haqida gapirgan edi. Albatta, bolaning gapini soyaboncha ham eshitibdi va xursandligidan o‘z g‘ilofidan sakrab chiqib, qo‘ziqorindek ochilib, xizmatga shay turishni istabdi. Chunki otaning mehribonligini soyaboncha ham yaxshi bilar ekan-da.
– Xo‘p, o‘g‘lim, bugun sening soyabonchangni ko‘tarib ketaman, – debdi otasi.
Kun bo‘yi yomg‘ir yog‘ibdi. Ahmadjon bog‘chadan kelib, deraza yoniga o‘tirib, otasini kuta boshlabdi. Kechqurun otasi yomg‘irda ivib, soyabonchasiz qaytib kelibdi.
– Qiziq voqea bo‘ldi, – debdi hayratlanib. – Idoradan chiqib, chorrahaga yetganimda, soyaboncha qo‘limdan sakrab tushdi-da, ko‘chaning narigi tomoniga chopib o‘tib, qochib ketdi. Umrim bino bo‘lib bunaqa hodisani ko‘rmagandim.
Ahmadjon soyaboncha nega qochib ketganini tushunolmabdi. Axir, u umrining oxiri-gacha odamlarga xizmat qilishi, yomg‘irdan saqlashi kerak edi-ku. Birov xafa qildimikan? Balki Ahmadjondan bezor bo‘lgani uchun qochib ketgandir?
– Xafa bo‘lma, o‘g‘lim, – debdi otasi, – do‘konga borib, senga ham, o‘zimga ham yangisidan sotib olaman.
Bu paytda Ahmadjonning soyabonchasi shahar ko‘chalarida uzoq tentirabdi. Ko‘rganlar yomg‘irdan ho‘l bo‘lib ketibdi, deyishibdi. Aslida esa soyaboncha ho‘ng-ho‘ng yig‘layotgan emish. Sababi, u Ahmadjonning otasi uyda qanday bo‘lsa, ko‘chada ham shunday deb o‘ylabdi. O‘sha kuni ota uyidan chiqib, sigareta chekibdi. Tutundan soyabonchaning nafasi bo‘g‘ilib, ancha qiynalibdi. Bekatga yetguncha ota kim bilandir telefonda gaplashib, rosa haqorat qilibdi. Shumi Ahmadjonga tarbiya berayotgan mehribon kishi? Ish xonaga kelgach, yordamchisiga o‘shqiribdi: «Hoziroq mana bu irkit soyabonchani chekkaroq xonaga kiritib qo‘ying, ko‘zimga ko‘rinmasin! Tag‘in bitta-ikkitasi bolalarning soyabonchasini ko‘tarib kelibdi, deb ustimdan kulmasin!»
Soyaboncha uzoq tentirab, nihoyat soyabonlar sotiladigan do‘konga yetib kelibdi. Sotuvchi uni ichkariga kiritgan ekan, payt poylab otasining yoniga, peshtaxtaga chiqib olibdi.
– Nega qochib kelding, bolajonim? – so‘rabdi soyabonning otasi. – Seni Ahmadjonni yomg‘irdan pana qilish uchun sotib olishgandi, bu yog‘i qandoq bo‘ldi?
– Siz ham shunaqamisiz, otajon? – yig‘labdi soyaboncha.
– Qanaqa? – hayron bo‘libdi soyabon.
– O‘z bolasiga mehribon, odobli, aqlli ko‘rinadigan, aslida esa qo‘pol, badjahil...
– Yo‘q, ayrim ikkiyuzlamachi kishilargina shunaqa, hammani ham yomon deb bo‘lmaydi, – debdi ota soyabon.
Ertasiga do‘konga Ahmadjon va otasi kelib, ota-bola soyabonlarni xarid qilishibdi. Ay-tishlaricha, Ahmadjonning otasi soyabonlar tilini tushunmasa-da, o‘z xatosini anglagan emish. Negaki, soyabonchaga ma’noli qarab, sekin bosh chayqab qo‘yibdi. O‘shandan beri ota uyida qanday inson bo‘lsa, ko‘chada ham shunday emish. Soyabonchani esa qaytib hech kim xafa qilmabdi.

Муаллиф телеграм канали

@azamat_qorjovov77