Get Mystery Box with random crypto!

Google'da ishlashning afzalliklari Google bozordagi eng yaxsh | Asqarbek Olimov blog

Google'da ishlashning afzalliklari

Google bozordagi eng yaxshi maosh taklif qiladigan kompaniyalardan biri. Lekin ishchilarning unumdorligi faqatgina oylikka bog'liq emas. Shu sababdan kompaniya tomonidan ishchilar uchun bir qator qo'shimcha qulayliklar yaratib berilgan. Quyida men o'zim uchun eng yoqqanlarini keltirib o'taman.
Mikro-oshxona (Microkitchen). Menga eng yoqadigan narsalar ichida birinchi o'rinda mikro-oshxona turadi. Mikro-oshxona — bu har xil ichimliklar, yeguliklar va mevalar joylashgan kichkina oshxona. Google'da "hech bir ishchi yegulikdan 200 fut (60m) uzoqda bo'lmasligi kerak" degan "qoida" mavjud. Shuni hisobga olib har bir binoda bir nechta mikro-oshxonalar joylashtirilgan.
2-3 mahal issiq ovqat. Mikro-oshxonadan tashqari kuniga kamida ikki marta issiq ovqat ham beriladi. Menyuda har doim bir nechta turdagi ovqatlar, salatlar, shirinlik va ichimliklar bo'ladi. Ha, halol ovqatlar ham beriladi.
Transport xizmati. Ishchilarni uydan ishga hamda ishdan uyga tashlab qo'yish uchun bepul taksilar har kuni xizmat ko'rsatadi.
Fitnes zal. Ofisda fitnes zali joylashgan bo'lib undan 24/7 foydalansa bo'ladi. Agar ofisdagi zal ma'qul kelmasa, o'zingiz xohlagan fitnes zalga a'zo bo'lishingiz mumkin va Google siz uchun to'lab beradi.
Hordiq chiqarish uchun har xil o'yinlar. Ofisda stol tennisi, billiard, aqlni charxlaydigan va video (playstation) o'yinlar mavjud. Ulardan xohlagan vaqtda foydalanish mumkin.
Sport o'yinlari. Bizning ofisda ishchilar har kuni ishdan so'ng qandaydir jamoaviy sport turi bilan shug'ullanishadi. Futbol, basketbol va badminton — shular jumlasidan.
Ibodat uchun xonalar. Ofislarda ibodat qilish uchun alohida xonalar bor.
Qulay ish soatlari. Kunlik ishni boshlash va tugatish vaqtlari aniq belgilab qo'yilmagan. xohlasangiz 8:00 dan 16:00 gacha, xohlasangiz 10:00 dan 18:00 gacha ishlaysiz.
Tibbiy sug'urta. Google ishchilari hamda ularning oila a'zolari 100% tibbiy sug'urta bilan qoplanadi!

Bular — asosiylari. O'ylab ko'rsam, ro'yhatni yana uzoq davom ettirishim mumkin ekan. Qisqa qilib aytganda barcha narsa ishchilar qoniqib ishlashlari va baxtiyor bo'lishlari uchun.

https://t.me/muhammadjohns