Get Mystery Box with random crypto!

Bilasizmi, buyuk ishlarda shaxs roli doim katta boʻladi. Alohi | Asaxiy Books

Bilasizmi, buyuk ishlarda shaxs roli doim katta boʻladi. Alohida shaxs katta ishlar qilishi va atrofdagilar oʻzgarishiga sababchi boʻlishi mumkin. Bugun sizga biz uchun haqiqiy qahramon boʻlgan Shahnoza Navroʻzova haqida aytib bermoqchimiz.

Shahnoza Buxoroning chekka bir qishlogʻida tugʻilib oʻsgan. Yoshligidan kitob oʻqishni yaxshi koʻrsa-da, doim ham istagan kitoblarini topa olmagan, muammolarga duch kelgan. Chekka hududda yashagani sabab kutubxona muammosi uni qiynar, otasiga bergan roʻyxatdagi kitoblari markazdan ham topilmasdi. Aynan shu uchun ham, u 6-7 yoshlardan kutubxona ochishni orzu qilgan.

Ishni kitoblar yigʻishdan boshlagan Shahnoza tadbirkorlar, nashriyotlar va boshqa kitobxonlar koʻmagi bilan bugun kutubxona ochishga erishdi. Undagi qatʼiyat va davomli harakat qishlogʻidagi maktab binosidan xona ajratilishiga hamda oʻzbek va jahon adabiyoti, darsliklar bilan toʻla kutubxona yaratilishiga sabab boʻldi.

Bizni xursand qilgani, Shahnozaning ishiga atrofimizdagilar befarq boʻlishmadi. Biz haftalab uning kutubxonasiga joʻnatish uchun qilingan buyurtmalarni koʻrdik. Bu uchun ularga va albatta Shahnozaga rahmat aytamiz.

Har safar oʻzi oʻqigan maktabiga, oʻquv markaziga yoki mehribonlik uyiga kitob xarid qilib joʻnatayotgan odamlarni koʻrsak, mana bizning qahramonlar deymiz. Ich-ichimizdan minnatdor boʻlamiz.

Muhimi, Shahnozaning oʻzi biz uchun haqiqiy qahramondir. Bunaqa kuchli shaxslar koʻpaysin, bundan hammamiz yutamiz.